Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan PISA 2025 xalqaro baholash dasturi natijalari e’lon qilindi. O‘zbekiston tadqiqotda ikkinchi marta qatnashib, ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborotida bildirilishicha, mamlakatdan xalqaro tashkilot tomonidan tasodifiy tanlab olingan 233 ta maktabning 8 652 nafar 15 yoshli o‘quvchisi tadqiqotda ishtirok etdi.
Tabiiy fanlar bo‘yicha O‘zbekiston o‘quvchilari 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi. Taqqoslash uchun, PISA 2022 da tabiiy fanlar bo‘yicha natija 355 ball va 80-o‘rinni tashkil etgan. Shu tariqa, 2025-yilda natija qariyb 83 ballga oshgan.
Raqamli dunyoda o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston o‘quvchilari 402,4 ball qayd etib, 72-o‘rinni egalladi.
PISA 2025 da asosiy yo‘nalish sifatida tabiiy fanlar savodxonligi belgilangan. Matematika va o‘qish savodxonligi bo‘yicha natijalar yuzasidan qo‘shimcha tahlillar olib borilmoqda.PISA 2025 tadqiqotida 2-daraja bazaviy daraja hisoblanadi. Bu daraja o‘quvchining kundalik hayotda zarur bo‘lgan asosiy bilim va ko‘nikmalarni qo‘llay olishini anglatadi. Bazaviy daraja va undan yuqori natija ko‘rsatganlar 2022-yilda 19 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 65 foiz bo‘ldi. Bu esa 46 foiz o‘sish demakdir.
PISA — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan o‘tkaziladigan o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini xalqaro miqyosda baholash dasturi bo‘lib, unda turli davlatlardagi 15 yoshli o‘quvchilarning maktabda olgan bilimlarini hayotiy vaziyatlarda qo‘llay olish qobiliyati tekshiriladi. U har uch yilda bir marta o‘tkaziladi.
PISA 2025 Xalqaro tadqiqotida 91 ta davlat va ta’lim tizimi ishtirok etdi.








