Joriy yil 1-sentyabr holatiga koʻra, Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari qiymati birinchi marta 50,1 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank eʼlon qilgan statistikada maʼlumot berilgan.
Joriy oy boshida mamlakat zaxirasida 11,8 mln unsiya (334,5 tonna) oltin borligi qayd etilgan. Uning qiymati 40 mlrd dollardan ortiqni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, avgust oyi boshida bu raqam 38,7 mlrd dollar edi (331,6 tonna). Bir oy davomida respublika oltin zaxirasi qoldigʻi qariyb 1,4 milliard dollarga oshgan.
Sentyabr avvalida xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari 9,44 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu raqam bir oy oldingidan 49,3 mln dollarga kam.
Zaxiralar qiymati oltin narxi keskin qimmatlashgani fonida oʻsib bormoqda. Masalan, 2024-yil 1-sentyabrda (1 yil ilgari) respublika zaxirasida 12 mln unsiya (340,1 tonna) oltin boʻlgan (12 oyda 5,6 tonna kamaygan). Qimmatbaho metall qiymati esa 30,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Yaʼni mamlakatda oltin miqdori emas, qiymati sezilarli oʻsish trendida.
Urushlar, davlatlar oʻrtasidagi nizolar, umuman olganda global iqtisodiy-siyosiy noaniqliklar fonida oltin narxi keskin koʻtarilib bormoqda. Misol uchun, 8-sentyabr holatiga koʻra, 1 unsiya oltin narxi dunyoda 3 ming 655 dollardan oshdi. Bunday yuqori qiymat nafaqat avvalgi oylarda, balki tarixda boʻlmagan.
Oʻzbekiston narx qimmatlashgani sari oltin sotuvi boʻyicha rekordlarni ham yangilamoqda. Respublika joriy yil yanvar-iyul oylarida qariyb 7,7 mlrd dollarlik oltin eksport qildi. Mazkur koʻrsatkich oʻtgan yil mos davridagiga qaraganda 83,7 foizga koʻp. Oltin sotuvi mamlakat yetti oylik jami eksportining 37,7 foizini tashkil etgan.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda 2025-yil I yarmida 56,7 tonna oltin qazib olingan. Bu raqam oʻtgan yil mos davridagiga qaraganda 3,8 foizga yuqori.








