Daryo

Oʻzbekiston sentyabrda oltin sotgan yagona davlat boʻldi

Mamlakat bir oyda 4 tonna qimmatbaho metall eksport qilgan. Qolgan davlatlar oltin sotib olib, jamgʻargan. Bunda dunyo markaziy banklari jami 39 tonna oltin xarid qilgan.

2 daqiqa o‘qish2 466 ko‘rishlar0 izoh2

2025-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston dunyoda oltin sotgan yagona mamlakat boʻldi. Qolgan davlatlar qimmatbaho metallarni sotib olib, zaxirasini kengaytirgan.

Jahon oltin kengashi tahliliga koʻra, sentyabrda dunyo markaziy banklari jami 39 tonna qimmatbaho metall sotib olgan. Yil boshidan buyon umumiy oltin xaridi 200 tonnani tashkil etgan. Bu koʻrsatkich 2024-yil mos davridagidan (215 tonna) pasaygan.

Braziliya Markaziy banki oy davomida eng katta xaridor boʻldi — 15 tonna oltin sotib olgan. Shu bilan birga, Qozogʻiston (8 tonna), Gvatemala (6 tonna) va Rossiya (3 tonna) nisbatan koʻp hajmda qimmatbaho metall xaridini amalga oshirgan. Boshqa davlatlardagi xaridlar esa nisbatan kam miqdorda boʻlgan.

Turkiya, Xitoy, Chexiya va Gana oʻz zaxiralarini 1 tonnadan 2 tonnagacha oshirgan.

Oʻzbekiston sentyabr oyida oltin zaxirasini kamaytirgan yagona davlat sifatida qayd etildi. Mamlakat oy davomida 4 tonna oltin sotgan.

Oltin eksporti va zaxira rekordlari

Statistika qoʻmitasi tahlilida yozilishicha, Oʻzbekiston sentyabrda 1,5 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan. Respublika 2025-yil yanvar-sentyabr oylarida qariyb 9,9 mlrd dollarlik oltin sotgan. Bu 2024-yil mos davridagidan 70,9 foizga koʻp. Mazkur koʻrsatkich oʻtgan davrlarda yillik qiymatda ham kuzatilmagan tarixiy maksimum hisoblanadi.

Joriy yil 2025-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari qiymati 55 mlrd dollarga yetgan. Bu ham tarixiy raqam boʻlib, avvalgi yillarda  bunday yuqori koʻrsatkich qayd etilmagan. Zaxiralarning 44,2 mlrd dollari oltin hissasiga toʻgʻri keladi (avgustda 40 mlrd dollar edi). Qolgani xorijiy valyuta va qimmatli qogʻozlardagi aktivlardir.

Oltin zaxirasining qiymati bu qadar yuqori darajada ortishi qimmatbaho metall narxi keskin koʻtarilib borishi bilan izohlanadi. Oʻzbekiston oltin zaxiralari qiymati ortsa-da, hajmi qisqarmoqda. Masalan, joriy yil 1-oktyabrda zaxiradagi oltin qoldigʻi 11,6 mln unsiyani (409,1 ming tonna) tashkil etgan. Avgust oyida bu koʻrsatkich 11,8 mln (416,2 ming tonna) unsiya, sentyabr boshida 12,3 mln unsiya (433,8 mln tonna) boʻlgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar