Buxoro viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida Buxoro va Romitan tumanlarida giyohvandlik oʻsimliklarini noqonuniy yetishtirish bilan bogʻliq holatlar fosh etildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Buxoro tumanining Kunjiqalʼa mahallasida yashovchi fuqaroning xonadoni va tomorqasidan 46 tup kannabis aniqlangan. Ular uzoq vaqt parvarishlangani sababli yirik hajmga yetgan. Tayinlangan ekspertiza xulosasiga koʻra, ushbu taqiqlangan ekinlar kelgusida sotish va moddiy manfaat koʻrish maqsadida yetishtirilgani maʼlum boʻlgan.
Shuningdek, Romitan tumanida yashovchi fuqaroning xonadoni va tomorqasi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda u ham qonunga xilof ravishda kannabis ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlangan. Xonadondan koʻk rangli polietilen paketga oʻralgan quritilgan modda ham topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Namanganda xonadon tomorqasidan 839 tup kannabis topilgan edi. Shuningdek, Qashqadaryoda 201 kg kannabis, Toshkentda 2 kg gashish musodara qilingani haqida xabar berilgandi.








