2026-yil boshidan buyon Yevropada o‘rmon yong‘inlari oqibatida qariyb 648 ming gektar hudud yonib ketdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Qo‘shma tadqiqot markazi ma’lumotlarida qayd etilgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagidan past. 2025-yilda ayni muddatga kelib Yevropada qariyb 995 ming gektar hudud yong‘inlarda zarar ko‘rgan edi. Shunga qaramay, Janubiy Yevropaning qator mamlakatlarida yong‘inlar maydoni so‘nggi 20 yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘lgan.
Eng ko‘p zarar Ispaniyada qayd etilgan — mamlakatda yong‘inlar 295 ming gektardan ortiq hududni qamrab oldi.
Fransiyada qariyb 96,5 ming gektar hudud yonib ketgan. Bu mamlakatda so‘nggi yillarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 14,8 ming gektarni tashkil etadi. Italiyada esa yong‘inlar 105 ming gektarga yaqin hududni qamrab olgan, holbuki ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkich qariyb 57 ming gektar.
Ayni paytda Portugaliya va Gretsiyada yong‘inlar oqibatida zarar ko‘rgan hudud maydoni ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgan.
Tadqiqotchilar og‘ir yong‘in mavsumini erta boshlangan jazirama va kuchli qurg‘oqchilik bilan izohlamoqda. Bunga qishda yog‘ingarchilikning ko‘p bo‘lgani ham ta’sir ko‘rsatgan. Nam qish o‘t-o‘lan va boshqa o‘simliklarning tez o‘sishiga sabab bo‘lgan, yozda esa ular qurib, yong‘in uchun oson alangalanadigan “yoqilg‘i”ga aylangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yong‘inlarning aksariyatiga bevosita inson omili sabab bo‘lmoqda. Bunga ehtiyotsizlik yoki qasddan o‘t qo‘yish holatlari kiradi.
2026-yilda Fransiya va Ispaniyada anomal issiq, quruq havo va kuchli shamol sababli yirik o‘rmon yong‘inlari avj oldi. Ikki mamlakatda xavfli hududlardan 300 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.
Bundan tashqari, Fransiyada 1900-yildan beri eng issiq yoz kuzatildi. Mamlakatda iyun oxirida kuzatilgan issiq to‘lqini o‘zining yuqori darajadagi intensivligi bilan rekord o‘rnatgan. Ushbu davrda issiqlik bilan bog‘liq 2 025 ta qoʻshimcha o‘lim holati qayd etilgan. O‘limlar, ayniqsa, 45 yoshdan katta aholi orasida ko‘paygan.








