Daryo

Yevropaliklarning 90 foizi chetga ko‘chib o‘tishni istaydi — so‘rovnoma

Yashash xarajatlarining qimmatlashuvi odamlarni xorijga ko‘chib ketish haqida o‘ylashga majbur qilmoqda.

2 daqiqa o‘qish10 454 ko‘rishlar0 izoh8

Fransiya, Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniyada yashovchi aholining deyarli yarmi kelajakda boshqa mamlakatda yashashni rejalashtirmoqda. Bu haqda yangi o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga tayanib Euronews xabar berdi.

Feather raqamli sug‘urta kompaniyasi topshirig‘iga ko‘ra o‘tkazilgan so‘rovda turmush darajasining qimmatlashuvi odamlarni xorijga ko‘chib ketish haqida o‘ylashga majbur qilayotgan asosiy sabab ekani ma’lum bo‘ldi. Bu omilni britaniyaliklarning 53 foizi, fransuzlarning 48 foizi, nemislarning 43 foizi va italiyaliklarning 32 foizi ko‘rsatgan.

Har bir mamlakatda 500 nafardan kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning bor-yo‘g‘i 10 foizi hech qachon xorijga ko‘chib o‘tmasligini bildirgan. Har bir davlat aholisi uchun maqbul yo‘nalishlar turlicha bo‘lsa-da, Ispaniya yaqqol yetakchilik qilmoqda.

Britaniyaliklar (24 foiz) va italiyaliklar (20 foiz) Ispaniyani eng maqbul tanlov deb biladi. Fransiya va Germaniyada esa ushbu mamlakat mos ravishda 16 foiz va 12 foiz ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

Fransuzlar uchun Kanada birinchi o‘rindagi tanlov bo‘ldi (17 foiz). Ular uchun Italiya 14 foiz ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinda turibdi. Nemislar esa uyidan juda uzoqqa ketishni xohlamaydi. Ularning 17 foizi Avstriyani tanlagan. Keyingi o‘rinlarni 12 foizdan ko‘rsatkich bilan Ispaniya va Shveysariya egalladi. Britaniyaliklar esa aksincha, olis mamlakatlarga ko‘chib o‘tishga tayyor. Ularning 19 foizi Avstraliyani, 15 foizi Kanadani va 10 foizi Yangi Zelandiyani ma’qul ko‘rgan.

Dubay xorijliklar orasida ommabop joy sifatida ko‘p tilga olinsa-da, britaniyaliklarning bor-yo‘g‘i 3 foizi u yerga ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotganini aytgan. Biroq so‘rovnoma iyun oyi oxirida o‘tkazilgan. Shu sababli bunday natijaga so‘nggi oylarda Eronning Birlashgan Arab Amirliklariga bergan zarbalari ta’sir qilgani shubhasiz.

Feather kompaniyasi kelajakdagi emigrantlar hayotini o‘rganish jarayonida sayohat bo‘yicha ekspert Holli Rubenshteyn bilan ham suhbatlashdi. The Travel Diaries podkasti boshlovchisining ta’kidlashicha, biror mamlakatni tanlab, umrining oxirigacha o‘sha yerda yashash kabi an’anaviy ko‘chib o‘tish usuli urfdan qolmoqda.

“Yangi paydo bo‘layotgan turmush tarzi ancha moslashuvchan. Odamlar bir joyda olti oy yashaydi, masofadan ishlaydi, turmush tarzini sinab ko‘radi va bir nechta joyda aloqalar o‘rnatadi”, deydi u.

Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, Alfa avlodi masofaviy muloqot va mehnatni odatiy hol deb bilib ulg‘ayadi. Ular uchun karyera, do‘stlik va shaxsiy hayot faqat bitta joyga bog‘lanib qolmaydi. Avvalroq sun’iy intellekt sababli zumerlar ish topa olmayotgani haqida xabar berilgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar