Daryo

Ispaniyada o‘rmon yong‘inlari sabab favqulodda holat e’lon qilindi

Mamlakatda yong‘in ortidan bunday chora ilk marta qo‘llanishidir. Yong‘inlar Fransiyada ham kuzatilmoqda. Emmanuel Makron holatga qarshi kurashish uchun Yevropa Ittifoqidan yordam so‘radi.

2 daqiqa o‘qish2 566 ko‘rishlar0 izoh1

Ispaniya 24-iyul kuni o‘rmon yong‘inlari sababli o‘z tarixida birinchi marta milliy miqyosdagi favqulodda holat e’lon qildi. Yevropada davom etayotgan anomal issiq kuchli yong‘inlarni keltirib chiqarmoqda va o‘n minglab odamlarni evakuatsiya qilishga majbur qilmoqda. Fransiyada ham vaziyat og‘ir, mamlakat Atlantika sohili yaqinidagi yong‘inlarni o‘chirish uchun Yevropa Ittifoqidan yordam so‘radi.

Fransiya rasmiylari yirik o‘rmon yong‘ini sababli mashhur sayyohlik maskani bo‘lgan Kap Ferre yarimorolini to‘liq evakuatsiya qilishga buyruq berdi. Rasmiylarning bildirishicha, hududdan 40 mingga yaqin odam ko‘chirildi. Ularning ko‘pchiligi qayiqlar va kemalarda xavfsiz joylarga olib o‘tildi.

Ispaniyada poytaxt Madridning g‘arbidagi tog‘li shaharchalardan 10 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi. Ushbu hududda hamda qo‘shni Avila viloyatida uchta yirik yong‘in avj olmoqda. Shu sababli hukumat milliy favqulodda holat e’lon qildi. Bu rejim hukumatga harakatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri muvofiqlashtirish va nazoratni o‘z qo‘liga olish imkonini beradi.

Ispaniyada o‘rmon yong‘ini sababli bunday chora birinchi marta qo‘llanishi. Mamlakatda oxirgi marta bunday darajadagi favqulodda holat 2025-yilda butun respublika bo‘ylab elektr energiyasi o‘chib qolganida e’lon qilingan edi.

“Bunday holatni hech qachon ko‘rmaganman”

Avila viloyatining Navaluenga shaharchasida mahalliy aholi tutundan saqlanish uchun niqob taqqan holda o‘t o‘chirish vertolyotlarini kuzatdi. Vertolyotlar 23-iyul kuni kechqurun shaharcha daryosidan suv olib yong‘in zonasiga tashladi.

“Men bu yerda 36 yildan beri yashayman va ilgari hech qachon bunday holatni ko‘rmaganman. Buni umuman kutmagan edim. Kecha kechqurun ular yong‘inni nazoratga oladi deb o‘ylagandim, lekin kech bo‘lgandi va hammasi nazoratdan chiqib ketgandi”, deydi mahalliy aholi vakili Haver Martin Reuters agentligiga.

Ispaniya rasmiylarining ma’lum qilishicha, talafot ko‘rgan hududlarga 270 dan ortiq favqulodda vaziyatlar xodimi va 40 ta texnika guruhi safarbar etilgan. Shuningdek, ularga Harbiy favqulodda vaziyatlar bo‘linmasi harbiy xizmatchilari ham yordam bermoqda.

Yevropa Ittifoqining O‘rmon yong‘inlari bo‘yicha axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil Ispaniyada 350 dan ortiq yong‘in sodir bo‘lgan. 2025-yilda esa yong‘inlar oqibatida rekord darajadagi katta maydon kulga aylangan edi.

Fransiya Yevropa Ittifoqidan yordam so‘radi

Fransiya hukumatining Kap Ferre hududini to‘liq evakuatsiya qilish haqidagi buyrug‘i yong‘inning qanchalik jiddiy ekanini ko‘rsatmoqda. Bu hududda ko‘plab qimmatbaho ko‘chmas mulklar joylashgan. Hozirda u yer kempinglar va ijaraga olingan uylarda yozgi ta’tilni o‘tkazayotgan sayyohlar bilan to‘la.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Kap Ferredagi yong‘inga qarshi kurashish uchun Yevropa Ittifoqidan yordam so‘raganini aytdi. Bu yong‘in hozirgacha 8700 gektar maydonni kulga aylantirib bo‘lgan.

“Fransiya Yevropa Ittifoqining fuqaro muhofazasi mexanizmini ishga tushirishni so‘radi”, deb yozdi Makron o‘zining X’dagi sahifasida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropaning boshqa mamlakatlaridan bir nechta maxsus o‘t o‘chirish samolyotlari tez orada yordamga yetib keladi. Kuni kecha Fransiyada yong‘inlar sabab 20 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingani va yonayotgan maydonlar 2400 gektarga yetgani haqida ma’lumot berilgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar