Daryo

Tabiiy ofat: Fransiya va Ispaniyada o‘rmon yong‘inlari avj oldi (video)

Fransiyada 115 ming gektar maydon yonib ketdi, ikki davlatda 300 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi. Bir qator davlat o‘t o‘chirishga vertolyot va maxsus texnikalar yubordi.

2 daqiqa o‘qish2 958 ko‘rishlar0 izoh3

Fransiya va Ispaniyada anomal issiq, quruq havo va kuchli shamol sababli yirik o‘rmon yong‘inlari avj oldi. Ikki mamlakatda xavfli hududlardan 300 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi. Bu haqda Deutsche Welle va BBC xabar berdi.

Fransiyadagi vaziyat

Mamlakatda o‘rmon yong‘inlari tufayli 115 ming gektar yer yonib ketdi. Bu ko‘rsatkich avvalgi rekordni (98 ming gektardan oshgan) yangiladi. Mamlakat prezidenti Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri rekord darajadagi tabiiy yong‘inlarga duch keldi. Yong‘inning tarqalishiga anomal issiq, quruq o‘simliklar va kuchli shamol sabab bo‘lmoqda.

Ayniqsa, Bordo shahrida vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lib, u yerda 7 mingga yaqin kishi vaqtincha boshpanalarga joylashtirilgan. Bu Fransiyada urush davridan keyingi eng yirik evakuatsiya hisoblanadi. Yong‘inlar sababli Ispaniyaga olib boruvchi A63 avtomagistralining 60 kilometrlik qismi harakat uchun yopib qo‘yilgan. Hozirda mamlakatda yong‘inni jilovlash uchun quyidagi kuchlar safarbar etilgan:

  • 2,5 ming nafar o‘t o‘chiruvchi va 18 ta samolyot;
  • 1,5 ming nafar harbiy xizmatchi;
  • evakuatsiya va hududlarni qo‘riqlash uchun 1,2 ming nafar politsiyachi hamda jandarm;
  • qutqaruv ishlariga 450 nafar ko‘ngilli ham jalb etilgan.

Ispaniya: tabiiy ofatdagi birinchi qurbon

Ispaniyada ham ahvol o‘ta murakkabligicha qolmoqda. O‘t o‘chiruvchilar poytaxt Madridning g‘arbida avj olgan ikkita yirik yong‘in o‘chog‘ining bir-biriga qo‘shilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kurashmoqda. Madrid va Avila atrofidagi hududlardan 90 mingdan ortiq kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgan. Jabrlanganlar soni hali ochiqlanmagan bo‘lsa-da, Valensiyada yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi.

Madrid avtonom hamjamiyati rahbari Isabel Dias Ayuso sodir bo‘layotgan hodisalarni “mintaqa tarixidagi eng dahshatli yong‘in” deb atadi. Mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches esa oldinda hali “qiyin davrlar” kutayotganini aytdi.

Xalqaro yordam va hamkorlik

Vaziyatning jiddiyligini inobatga olgan holda Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari Fransiya va Ispaniyaga zudlik bilan maxsus texnika hamda qo‘shimcha kuchlar yubormoqda.

Fransiyaga ko‘mak: Xorvatiya va Portugaliyadan 2 tadan yong‘inga qarshi samolyot, Chexiya va Slovakiyadan esa 2 ta og‘ir Black Hawk vertolyotlari yetib kelishi kutilmoqda. Shuningdek, Shveysariya qutqaruvchilar guruhi ham joylarda ish olib bormoqda.

Ispaniyaga ko‘mak: Italiya havodan o‘t o‘chirishga mo‘ljallangan 2 ta Canadair amfibiya samolyotini yuborgan. Bundan tashqari, Madrid Gretsiyadan xuddi shunday 2 ta samolyot, shuningdek, Niderlandiya va Portugaliyadan yuborilgan aviatsiya texnikasidan foydalanadi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar