Daryo

Sergeli va Yangihayotdagi badbo‘y hid muammosi bartaraf etildi

Noxush hidni bartaraf etish uchun Salar kanaliga 9,5 mlrd so‘mlik filtr o‘rnatilib, oqova suv hovuzlari germetik yopildi. Uskunada hidli havo ventilyator yordamida tortib olinib, filtrlar orqali tozalanadi va zararsizlantiriladi.

1 daqiqa o‘qish6 546 ko‘rishlar0 izoh0

Toshkentning Sergeli va Yangihayot tumanlarida aholini bir necha yildan buyon qiynab kelayotgan badbo‘y hid muammosi bartaraf etildi. Salor oqova suv tozalash inshootida noxush hidni kamaytirish bo‘yicha zamonaviy filtr uskunasi o‘rnatildi.

Salor inshooti Toshkentning yetti tumanidan keladigan oqova suvlarni qabul qilib, tozalaydi. Uning sutkalik quvvati 900 ming kub metrni tashkil etadi. Noxush hidni bartaraf etish uchun 9,5 milliard so‘mlik filtr uskunasi o‘rnatilib, oqova suv hovuzlari germetik yopildi. Uskunada hidli havo ventilyator yordamida tortib olinib, filtrlar orqali tozalanadi va zararsizlantiriladi.

“Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ bosh texnologi Do‘nonboy Kazibekovning ma’lum qilishicha, Sergeli, Yangihayot, Mirobod va Yashnobod tumanlaridan keladigan oqova suvlar ushbu inshootda tozalanadi. Rossiyadan olib kelingan uskunada 11,5 tonna katalitik sorbent va 2,5 tonna faollashtirilgan ko‘mir qo‘llanadi. Havo ultrabinafsha nurlar yordamida ozonlashtirilib, oksidlanish jarayonidan o‘tkaziladi. Natijada chiqayotgan havoda vodorod sulfidi va ammiak konsentratsiyasi nolga tushirilgan.

Uskuna 15 kundan ortiq vaqtdan beri ishlamoqda. Qayd etilishicha, uning ishga tushirilishi natijasida inshoot atrofidagi noxush hidlar yo‘qolgan. Buni yaqin hududlarda yashovchi aholi ham tasdiqlagan.

4-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi infratuzilma masalalari muhokama qilingandi. O‘shanda suv tozalash inshooti atrofidagi badbo‘y hid aholini qiynayotgan asosiy muammolardan biri ekani qayd etilib, 1-sentyabrgacha oqova suv qabul qilish inshootiga zamonaviy filtrlash uskunalarini o‘rnatish topshirilgan.

Ma’lumot uchun, Sergeli hududidagi badbo‘y hid muammosi bir necha yildan buyon aholi e’tirozlariga sabab bo‘lib keladi. Jumladan, 2021-yilda “O‘zgarish” mahallasi aholisi hududdagi uzluksiz yoqimsiz hiddan shikoyat qilgan. O‘sha vaqtdagi tekshiruvlar natijasida oqova suv tashlovchi korxonalarning 22 nafar mas’uliga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar