Xitoy va Buyuk Britaniya olimlari insult o‘tkazgan, ammo gapirishda qiynalayotgan bemorlar uchun yangi texnologik qurilma ishlab chiqdi. Bo‘yinga taqiladigan ushbu moslama bemorning ovoz va bo‘yin mushaklaridagi eng mayda harakatlarni qayd etib, ularni sun’iy intellekt yordamida nutq tovushlariga aylantiradi. Tadqiqotchilarning aytishicha, mazkur yechim bemorlarga o‘z fikrlarini yana og‘zaki ifoda etish imkonini berishi mumkin.
Kembrij universiteti professori Luiji Okkipinti tushuntirishicha, insultdan keyin ko‘plab bemorlarda dizartriya deb ataladigan holat rivojlanadi. Bu kasallik yuz, og‘iz va bo‘yin mushaklari ustidan nazoratning susayishi bilan bog‘liq bo‘lib, bemor gapirishni xohlasa-da, miya va tomoq o‘rtasidagi signallar to‘g‘ri uzatilmaydi. Natijada odam atrofdagilar bilan muloqot qila olmaydi, bu esa kuchli ruhiy bosimga olib keladi. Chunki muloqotning yo‘qligi nafaqat bemorning o‘ziga, balki uning yaqinlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Tadqiqotchilarning ma’lumotiga ko‘ra, dizartriya insultdan keyin eng ko‘p uchraydigan asoratlardan biridir. Ayrim bemorlar butunlay gapirish qobiliyatini yo‘qotadi, boshqalarida esa nutq noaniq bo‘lib qoladi, tezligi pasayadi yoki so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish qiyinlashadi. Bunday o‘zgarishlar kundalik hayot sifatini keskin pasaytiradi va bemorlarning jamiyatga moslashishini qiyinlashtiradi.
Yangi qurilma aynan shu muammoni hal etishga qaratilgan. Sun’iy intellektga asoslangan tizim bo‘yin mushaklarining mikroharakatlarini, uyqu arteriyasidagi pulsni hamda bemorning hissiy holatini aks ettiruvchi biomarkerlarni kuzatadi. Qurilma datchiklar va kichik dinamiklardan iborat bo‘lib, marjon shaklida bemorning bo‘yniga taqiladi.
Bemor biror so‘zni aytishga uringanida, tizim mushaklar tarangligi va pulsdagi o‘zgarishlarni tahlil qiladi. Ushbu ma’lumotlar asosida sun’iy intellekt bemorning aytmoqchi bo‘lgan so‘zlari va jumlalarini aniqlaydi. Hissiy holat haqidagi qo‘shimcha ma’lumotlar esa nutqni yanada aniqroq tiklashga yordam beradi, natijada qurilma butun gaplar ketma-ketligini qayta yaratib beradi.
Qurilmaning dastlabki prototipi Xitoyda insultdan keyin dizartriya rivojlangan besh nafar ko‘ngilli ishtirokida sinovdan o‘tkazildi. Tajriba natijalari yuqori aniqlikni ko‘rsatdi: tizim so‘zlarning atigi 4,2 foizini, jumlalarning esa 2,9 foizini noto‘g‘ri aniqlagan. Eng muhimi, ishtirokchilar atrofdagilar bilan muloqot qilishda sezilarli yengillikni his qilgan, ularning hayotdan qoniqish darajasi esa 55 foizga oshgan.
Olimlar ushbu texnologiya kelajakda takomillashtirilib, keng qo‘llanilsa, insultdan keyin nutq buzilishlari bilan yashayotgan minglab bemorlar uchun samarali yordam vositasiga aylanishiga umid bildirmoqda.








