Eron 17-avgust kuni fransuz elchixonasining ikki xodimiga mamlakatga qaytish taqiqlanganini bildirdi. Ular iyul oyida yuzaga kelgan diplomatik kelishmovchilikka aralashgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiyning ta’kidlashicha, ular Vena konvensiyasini buzgan. Vena konvensiyasi diplomatik missiyalarning qoidalari va imtiyozlarini belgilaydi. Kotibning so‘zlariga ko‘ra, xodimlar Eron fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlovchi faoliyat bilan shug‘ullangan.
“Ushbu shaxslar fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanganini ta’kidlashning o‘zi Vena konvensiyasi buzilganini tan olishdir”, dedi Baqoiy haftalik matbuot anjumanida.
U ushbu masalaga batafsil to‘xtalmadi. Teron G‘arb mamlakatlarining ichki ishlarga aralashuviga azaldan salbiy munosabat bildiradi. Ayniqsa, fevral oyi oxirida AQSH va Isroil Eronga hujum boshlaganidan beri vaziyat yanada keskinlashgan. Bu urush hali ham davom etmoqda.
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro iyul oyida France Inter radiostansiyasiga intervyu berib, ikki xodimning vazifasi Eron fuqarolik jamiyati, talabalar va san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini rivojlantirish bo‘lganini aytgan.
“Fransiya dunyoda Eron fuqarolik jamiyati uchun eng ko‘p ish qiladigan mamlakatlardan biridir. Biz buning evaziga badal to‘ladik”, degan edi vazir.
Fransiya 21-iyul kuni Eronning muvaqqat ishlar vakilini chaqirtirgan. Bunga Eron xavfsizlik kuchlarining Tehrondagi elchixona xodimlarini hibsga olgani va ularga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazgani sabab bo‘lgan.
Avvalroq Ruminiya havo hududining buzilishi sabab Rossiya diplomatini haydab yuborganio haqida xabar berilgandi. Sababi bu voqeadan oldin mamlakatga uchta dron kirib kelgan va Buxarest bu voqealarda Rossiyani ayblagan.








