AQSHning Kuvaytdagi elchixonasi 24-iyun kuni o‘z faoliyatini qayta tikladi. Bu Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi Marko Rubio mamlakatga tashrif buyurgan vaqtga to‘g‘ri keldi. Elchixona xizmatlari mart oyida Eron hujumlari sababli to‘xtatib qo‘yilgan edi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
AQSH Davlat departamenti vakilining ma’lum qilishicha, Kuvayt shahrida joylashgan elchixona zudlik bilan Amerika fuqarolari uchun favqulodda xizmatlar ko‘rsatishni boshlaydi. Boshqa turdagi xizmatlar esa bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
AQSH Davlat departamenti mart oyida Kuvaytdagi elchixona faoliyatini to‘xtatgan edi. Bunga AQSH va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan so‘ng, Eron dronlari diplomatik missiya binosiga qarata o‘t ochgani sabab bo‘lgan.
Marko Rubio 24-iyun kuni Kuvaytga keldi. U bu yerda ittifoqchilar bilan Erondagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Tashrif doirasida u elchixonada AQSH bayrog‘ini ko‘tarish marosimida ham qatnashdi.
“Amerika bayrog‘i — erkinlik va birlik ramzi. U yana Kuvayt shahri osmonida mag‘rur hilpiramoqda. Kuvayt mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda bizning ajralmas hamkorimizdir”, deb yozdi amaldor marosimdan so‘ng ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Eron so‘nggi bora may oyida AQSHning Kuvaytdagi aviabazasiga ballistik raketa bilan hujum qilgandi. Oqibatda bir nechta amerikalik harbiy yengil jarohat olgan. Ma’lum qilinishicha, hujumda ikkita zarba beruvchi MQ-9 Reaper droni jiddiy shikastlangan.
Ushbu aviahujum AQSH prezidenti Donald Tramp o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish bo‘yicha kelishuvni ko‘rib chiqayotgan bir vaqtda amalga oshirilgan. Kuvayt havo hujumidan mudofaa tizimi bazaga uchirilgan “Fateh-110” raketasini urib tushirgan, biroq uning qoldiqlari Ali Al-Salem aviabazasiga kelib tushgan.








