Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi 27-iyul kuni Rossiya elchixonasi diplomati mamlakatdan haydab yuborilganini maʼlum qildi. Bunga Moskva dronlarining Ruminiya havo hududini bir necha bor buzib kirgani sabab bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Vazirlik bu qaror haqida elchini xabardor qilganini bildirdi. 25-iyul kunidan boshlab uch kun davomida Ruminiyaning F-16 qiruvchi samolyotlari uchta dronni urib tushirdi. Bu voqea Rossiyaning qo‘shni Ukrainaga hujumlarini kuchaytirgan bir paytda yuz berdi.
Rossiyaning Ruminiyadagi elchixonasi bu ayblovlarni asossiz deb atadi va rad etdi. Elchixona Rossiya hech qachon Ruminiyadagi nishonlarga dronlarni yo‘naltirmaganini taʼkidladi. Shuningdek, Rossiya elchixonasi Moskva ushbu harakatga javoban munosib choralar ko‘rishiga shama qildi.
Ruminiya uch kun ichida uchinchi Rossiya dronini urib tushirdi
Ruminiya Harbiy-havo kuchlariga qarashli F-16 qiruvchi samolyoti 27-iyul kuni Qora dengiz uzra yana bir Rossiya dronini urib tushirdi. Ruminiya Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, dron mahalliy vaqt bilan soat 10:13 da Sulina shahri shimoli-sharqidan 12 kilometr uzoqlikda, mamlakatning hududiy suvlari ustida yo‘q qilingan.
Ruminiya prezidenti Nikushor Dan hodisaga munosabat bildirib, Rossiyaning mamlakat havo hududini takroran buzishini “mutlaqo nomaqbul va qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deb baholadi.
“Rossiya Federatsiyasining Ruminiya havo hududini buzishda davom etishi mutlaqo nomaqbul. Bu nafaqat Ruminiya, balki NATO va Yevropa Ittifoqining ham havo hududidir. Bunday harakatlarni ittifoqchilarimiz bilan birgalikda o‘ta jiddiy qabul qilamiz”, dedi u.
Bungacha 24-iyul kuni Ruminiyaning F-16 qiruvchisi Rossiya dronini ilk bor urib tushirgandi. O‘shanda dron aholi yashamaydigan hudud ustida bo‘lgani sababli uchuvchi hech qanday xavf tug‘dirmasdan o‘t ochishga muvaffaq bo‘lgan.
Oradan bir kun o‘tib, 25-iyul kuni ertalab Sfintu-Georghe shahri g‘arbidagi hududda yana bir Rossiya droni yo‘q qilingan. 27-iyuldagi hodisa esa uch kun ichidagi uchinchi shunday holat bo‘ldi. Avvalroq Ruminiyaning Sankt Peterburgdagi bosh konsulxonasi yopilgani haqida xabar berilgandi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu chorani Buxarestning harakatlariga javob deb tushuntirgan. Sababi bundan oldin Ruminiya Rossiyaning Konstansa shahridagi bosh konsulxonasi faoliyatiga berilgan ruxsatni bekor qilgan va uning rahbarini persona non grata deb e’lon qilgan edi.








