Rossiya Tashqi ishlar vazirligi 20-iyul kuni italiyalik ikki diplomatni persona non grata (nomaqbul shaxs) deb e’lon qildi. Vazirlik bu qaror Italiya tomondan ikki rossiyalik xodim haydalganiga javob ekanini bildirdi. Bu haqda The Moscow Times xabar berdi.
Bundan avval, 9-iyul kuni Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani bayonot bergan edi. Unga ko‘ra, Rim Rossiya elchixonasining ayg‘oqchilikda gumon qilingan ikki harbiy attashesini mamlakatdan chiqarib yuborgan.
Moskva bunga javoban Italiya elchixonasining mudofaa attashesi yordamchisi Vittorio Parrella hamda attashe Davide d’Aprileni nomaqbul shaxs deb topdi. Ular oilasi bilan birga uch kun ichida Rossiyani tark etishi kerak.
Rossiya TIV bu qaror “o‘zaro tenglik prinsipi” asosida qabul qilinganini ta’kidladi. Shuningdek, vazirlik bu masala yuzasidan Italiya elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Jovanni Skopani chaqirtirgan va unga tegishli bildirishnoma topshirgan.
Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani X tarmog‘ida Rossiyaning bu qarorini tanqid qildi. U Rim rossiyalik attashelarni josuslik uchun haydaganini, Moskvaning javobi esa hech qanday sababsiz bo‘lganini yozib qoldirdi. Avvalroq Shvetsiyadagi Rossiya elchixonasi dronlar hujumiga uchragani haqida xabar berilgandi.








