Rossiyada harbiylar qabrini suratga olgan shaxslarni namoyishkorona ushlash holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda “Mediazona” nashri muharriri Dmitriy Treshchaninga tayanib, Meduza xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, xavfsizlik kuchlari hibsga olingan bir qator viloyatlar aholisini kamera qarshisida uzr so‘rashga majbur qilgan. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi vaqtlarda “Mediazona” urushda halok bo‘lgan rossiyaliklarning qabri suratiga pul taklif qila boshlagan.
Treshchanin ushbu ma’lumotlar firibgarlarni qiziqtirayotganini aytdi. Ular bir necha bor nashrdan hali e’lon qilinmagan ma’lumotlar bazasini sotib olishga uringan. Qabr suratlari, jumladan, qarindoshlarni aldash uchun ishlatiladi. Jurnalist bu sxema tafsilotlarini keltirmadi. Biroq u muhim ogohlantirish berdi. Agar odamning telefonida suratlar va buyurtmachi bilan yozishmalar topshilsa, FSB uni davlatga xiyonatda ayblashi mumkin.
Ish xuddi topshiriq Ukraina maxsus xizmatlaridan kelgandek rasmiylashtiriladi. Qolaversa, bunday takliflarni jinoyatchilikni ochish ko‘rsatkichini oshirish uchun xavfsizlik xodimlarining o‘zlari ham yuborishi mumkin.
O‘tgan hafta oxirida Yaroslavlda yashovchi kishiga nisbatan davlatga xiyonat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Ayblovga ko‘ra, u 2024-yilning oktyabr oyidan boshlab rossiyalik harbiylarning qabrlarini tizimli ravishda suratga va videoga olgan. So‘ngra bu materiallarni Ukraina maxsus xizmatlariga yuborgan.
Nashrning qayd etishicha, so‘nggi bir oy ichida Yaroslavl viloyat sudi saytida davlatga xiyonat bo‘yicha kamida ikkita jinoiy ish paydo bo‘lgan. Iyun oyi oxirida esa Tomsk viloyatining bir necha rezidentini shunday ish bo‘yicha hibsga olingan. Ularning aniq soni ochiqlanmagan.
“Mediazona” BBC rus xizmati bilan birgalikda urushda halok bo‘lgan rossiyaliklar sonini hisoblab bormoqda. Nashr ilgari ko‘ngillilardan Rossiya qabristonlaridagi yangi qabrlar suratini yuborishni so‘raganini ta’kidladi. Endilikda esa nashr bunday qilmaslikni qat’iy tavsiya etmoqda.








