Vengriyadagi qabristonlardan birida qabr qazish bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Bu g‘ayrioddiy tuyulishi mumkin, lekin 5-sentyabr kuni 38 nafar ishtirokchi qo‘liga ketmon va belkurak olib bellashdi. Bu haqda AP News xabar berdi.
Bu musobaqani Vengriya qabristonlarni saqlash va ularga xizmat ko‘rsatish assotsiatsiyasi tashkil qildi. Maqsad go‘rkovlik kasbini va uning mahoratini ko‘rsatish hamda o‘lim bilan bog‘liq qarashlarni o‘zgartirishdir.
Vengriyaning shimolidagi Nyergeshujfalu shahri qabristonidagi quruq va issiq tuproq 19 ta jamoa uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Ikki kishidan iborat jamoalar eng tez va chiroyli qabr qazish uchun astoydil ter to‘kdi.
“Bu yerda go‘zallik emas, tezlik asosiy o‘rinda”, dedi g‘olib bo‘lgan juftlik vakili Robert Nad o‘z jamoadoshi Laslo Kish bilan birga.
“Dafn marosimi uchun qabr qaziyotganingizda uning aniq o‘lchamlariga juda e’tiborli bo‘lishingiz va chiroyli chiqishini ta’minlashingiz kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.
Musobaqa qoidalariga ko‘ra, qabr chuqurligi 1,6 metr, uzunligi 2 metr va kengligi 0,8 metr bo‘lishi kerak edi. G‘olib jamoa qabrni 1 soat-u 21 daqiqada qazib muvaffaqiyat qozondi. G‘oliblar 200 ming vengriya forinti (taxminan 640 dollar) miqdoridagi pul mukofotini bo‘lishib oldi.
Xavfsizlik nuqtayi nazaridan, har bir jamoadan faqat bir kishi bir vaqtning o‘zida qabr ichida ishlashi mumkin edi. Jamoaning ikkinchi a’zosi qazib olingan tuproqni tozalashi va tartibga solishi mumkin. Lekin unga qabr ichiga kirishga ruxsat berilmaydi.








