Polshaning “Huquq va adolat” (PiS) partiyasi raisi hamda muxolifat yetakchisi Yaroslav Kachinskiy Ukrainaning g‘arbida, sobiq polyak qishloqlari o‘rnida noqonuniy qazishmalar olib borilayotganini aytdi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Gap Sharqiy Gallitsiya tarixiy viloyati haqida bormoqda. Hudud Ukrainaning Lvov, Ivano-Frankovsk va Ternopol viloyatining bir qismini o‘z ichiga oladi. Viloyatning markazi — Lvov shahri.
XIII asrda bu yerda qadimgi rus Gallitsiya-Volin knyazligi joylashgan edi. Keyinchalik bu yerlar Polsha, Avstriya-Vengriya tarkibida bo‘lgan. Urushlar oralig‘idagi davrda yana Polsha tarkibiga kirgan. 1939-yilda esa Sharqiy Gallitsiya Ukraina SSR tarkibiga qo‘shib olingan.
Kachinskiyning ta’kidlashicha, “qora qazuvchilar” qabrlarni talamoqda. Ular moddiy manfaat uchun qimmatbaho buyumlarni olib, marhumlar xotirasiga hurmatsizlik qilmoqda. Siyosatchining fikricha, bu ishlar mahalliy Ukraina hokimiyatining roziligi bilan sodir bo‘lmoqda.
“Noma’lum qora qazuvchilar guruhi daromad olish maqsadida marhumlarning xokini haqorat qilmoqda. Volin qirg‘ini qurbonlariga tegishli taqinchoqlarni talamoqda. Bularning barchasi mahalliy Ukraina hokimiyatining ruxsati bilan yuz bermoqda”, deya uning so‘zlarini keltirdi nashr.
Bunga javoban “Huquq va adolat” partiyasi rasmiy surishtiruv boshlamoqchi. Kachinskiy Polsha manfaatlarini himoya qilish uchun Tashqi ishlar vazirligi va boshqa muhim davlat organlariga murojaat qilishini bildirdi.
Yaroslav Kachinskiy aviahalokatda qurbon bo‘lgan prezident Lex Kachinskiyning egizak ukasidir. Shuningdek, u Ikkinchi jahon urushi faxriysining o‘g‘li hisoblanadi. Siyosatchi Kiyevni UPA (Ukraina qo‘zg‘olonchilar armiyasi)ni ulug‘lagani uchun keskin tanqid qilib keladi. U tarixiy bahslar hal etilmagunicha va polyak fermerlari manfaati himoya qilinmagunicha Ukrainaning Yevroittifoqqa kirishi bo‘yicha muzokaralarni bloklashga chaqirmoqda.
Avvalroq Polsha bosh vaziri Donald Tusk mamlakati Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, biroq yangi yirik harbiy yordam paketini ajratish masalasida ehtiyotkor yondashishini ma’lum qilgandi. Bosh vazir Ukrainaga moliyaviy va harbiy yordam zarurligini tan olgan holda, Polsha o‘zining Yevropa Ittifoqi va NATO oldidagi majburiyatlarini ham unutmasligi kerakligini ta'kidlagan.








