Daryo

Shri Lankada mahbuslar isyon ko‘tardi: qurbon va jarohatlanganlar bor

Mamlakatdagi uchta qamoqxonada bir vaqtda tartibsizliklar yuz berdi. Bunga asosan giyohvand moddalar savdogarlari hamda raqobatchi jinoiy to‘dalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sabab bo‘ldi.

2 daqiqa o‘qish2 091 ko‘rishlar0 izoh2

Shri Lanka bo‘ylab turli qamoqxonalarda tartibsizliklar yuz berdi. Oqibatda uch nafar mahbus halok bo‘ldi va 23 kishi jarohatlandi. Hududlarga politsiya hamda maxsus kuchlar safarbar qilindi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Jamoat xavfsizligi vaziri Ananda Vijepalaning parlamentda ma’lum qilishicha, 6-avgust kuni kechasi poytaxt Kolombodagi New Magazine qamoqxonasidan 40 nafar mahbus qochishga urinishi chog‘ida bir nafar mahbus o‘ldirilgan.

7-avgust kuni ertalab poytaxtdan taxminan 80 kilometr uzoqlikdagi Kuruwita qamoqxonasida ikkinchi tartibsizlik yuz bergan. U yerda yana ikki nafar mahbus halok bo‘lgan.

Vazirning ta’kidlashicha, ushbu ikki hodisa oqibatida 23 nafar mahbus jarohat olgan va shifoxonalarga yotqizilgan. Politsiya hamda maxsus kuchlar har ikkala tartibsizlikni nazoratga olishga erishdi.

Bundan tashqari, 7-avgust kuni politsiya Kolombodan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan Negombo sohilbo‘yi shahridagi ochiq turdagi qamoqxonada namoyish o‘tkazayotgan mahbuslarga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz ishlatgan.

Vazirning aytishicha, uchala qamoqxonadagi tartibsizlikka qarshi politsiya tomga chiqib olgan va ochiq hududlarga chiqqan mahbuslarni o‘z kameralariga qaytarish bo‘yicha ish olib bordi. Vijepala parlamentda so‘zlagan nutqida zo‘ravonliklar giyohvand moddalar savdogarlari hamda raqobatchi jinoiy to‘dalar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar bilan bog‘liq ekanini aytdi. U hukumat bu tartibsizliklar oldindan rejalashtirilganini aniqlashga urinayotganini bildirdi.

“Ushbu barcha hodisalarni birga ko‘rib chiqsak, ularning ortida rejalashtirish va sabotaj qilishga urinish borligi ko‘rinadi. Biroq aniq gapni faqat atroflicha surishtiruvdan so‘ng ayta olamiz”, dedi Vijepala.

Qamoqxonalardagi bu isyonlar Negombodagi qamoqxonada ikki kunlik to‘qnashuvlar oqibatida 10 nafar qamoqxona xodimi va 20 nafar mahbus halok bo‘lganidan bir oy o‘tib sodir bo‘ldi.

Bugungi kunda Shri Lanka qamoqxonalarida mahbuslar soni juda ko‘payib ketgani asosiy muammoga aylangan. Adliya vaziri Harshana Nanayakkara yaqinda parlamentdagi nutqida 10 ming kishiga mo‘ljallangan qamoqxonalarda 39 mingdan ortiq mahbus saqlanayotganini aytgandi.

“Bugungi kunda Shri Lankada mahbuslar soni sig‘imdan to‘rt baravar ko‘p. Ular rostdan ham uzoq vaqt sabr qilishdi”, dedi Mahbuslar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi prezidenti Senaka Perera.

Mahbuslarning katta qismi giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanib, sud jarayonini kutayotgan gumonlanuvchilardir. Pereraning so‘zlariga ko‘ra, garov evaziga ozod qilish shartlarini qat’iylashtirgan yaqindagi qonunlar qamoqxonalarning me’yoridan ortiq to‘lib ketishiga olib keldi.

Hozirda Shri Lanka 1 milliondan ortiq sud ishlarining to‘planib qolgan qismini kamaytirish va mahbuslar sonini qisqartirish maqsadida Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, yuqori sud sudyalarining vakolat muddati 2 yilga uzaytiriladi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar