Daryo

Gvatemalada 30 kunlik qamal holati e’lon qilindi

Mamlakatdagi uchta qamoqxonada mahbuslar xavfsizlik kuchlarini garovga olib, isyon ko‘targan edi. Hodisalarda 10 nafar xodim halok bo‘lib, yana 10 kishi jarohatlangan.

2 daqiqa o‘qish4 321 ko‘rishlar0 izoh3

Gvatemala prezidenti Bernardo Arevalo 18-yanvar kuni mamlakatda qamal holati o‘rnatilganini e’lon qildi. Bu qaror xavfsizlik kuchlari mahbuslar tomonidan garovga olingan 46 nafar qamoqxona qo‘riqchilarini ozod qilganidan so‘ng qabul qilindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Dam olish kunlari bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlar oqibatida kamida 7 nafar politsiya xodimi halok bo‘ldi, yana 10 nafari jarohatlandi. Shanba, 17-yanvar kuni erta tongda uchta erkaklar qamoqxonasida boshlangan tartibsizliklar davomida isyonchi mahbuslar jami 46 kishini garovga olgan edi. Hukumat ushbu tartibsizliklarda Barrio 18 jinoiy guruhini ayblamoqda. Ma’lum qilinishicha, guruh o‘z a’zolari uchun qamoqxonada imtiyozlar kengaytirilishini talab qilgan.

Xavfsizlik kuchlari Barrio 18 yetakchisi Aldo Duppi saqlanayotgan qamoqxona ustidan nazoratni qayta o‘rnatgach, Gvatemala shahri atrofidagi bir qancha hududlarda to‘da a’zolari tomonidan politsiyaga maqsadli hujumlar uyushtirildi. El Lobo (Bo‘ri) taxallusi bilan tanilgan guruh yetakchisi yana hibsga olindi.

Politsiya tomonidan taqdim etilgan suratlarda 18-yanvar kuni ertalab yelkasi qon bo‘lgan El Lobo mahbuslar egallab olgan qamoqxonadan politsiya kuzatuvi ostida olib chiqilayotgani aks etgan.

Qamal holati va xavfsizlik choralari

Prezident Arevalo tomonidan e’lon qilingan 30 kunlik qamal holati politsiya va armiyaga jinoiy guruhlarga qarshi kurashish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga yo‘l ochadi. Gvatemala qonunchiligiga ko‘ra, bunday rejim vaqtinchalik fuqarolik erkinliklarini cheklashi yoki to‘xtatib turishi hamda xavfsizlik kuchlarining vakolatlarini kengaytirishi mumkin.

Prezidentning ta’kidlashicha, qamoqxonalar nazorati qaytarib olingach, poytaxt va uning atrofida politsiyaga qarshi bir vaqtning o‘zida hujumlar boshlangan — bu jinoiy guruhning qasosi bo‘lgan. To‘qnashuvlar davomida bir nafar jinoiy guruh a’zosi ham o‘ldirilgan.

“Ushbu qotilliklar xavfsizlik kuchlari va aholini qo‘rqitish, bizni jinoiy guruhlar va ularning terror rejimiga qarshi kurashdan voz kechishga majbur qilish maqsadida sodir etildi. Ammo ular bunga erisha olmaydi”, dedi Arevalo.

Aholi uchun cheklovlar

Prezident mamlakatda uch kunlik motam e’lon qildi, biroq qamal holati fuqarolarning normal hayot tarziga ta’sir qilmasligi kerakligini aytdi. Shunga qaramay, ehtiyot choralari kuchaytirildi. Jumladan, Milliy fuqarolik politsiyasi direktori David Boteo aholiga uydan chiqmaslikni maslahat berdi. AQSHning Gvatemaladagi elchixonasi o‘z fuqarolari uchun xavfsizlik ogohlantirishini e’lon qildi. Ta’lim vaziri 19-yanvar kuni mamlakat bo‘ylab maktablarda darslarni bekor qildi.

Barrio 18 va El Lobo haqida

Gvatemala Kongressi 2025-yil oktyabr oyida Barrio 18 guruhini “terrorchi tashkilot” deb e’lon qilgan edi. Bu AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati guruhni “xorijiy terrorchilik tashkiloti” deb tasniflaganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi.

Jinoiy guruh yetakchisi El Lobo ayni paytda jami 2 000 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Ma’lumot o‘rnida, u Gvatemalaning sobiq birinchi xonimi Sandra Torresning jiyaniga uylangan. Sandra Torres uch marta prezidentlik saylovlarida qatnashib, ikkinchi o‘rinni egallagan (oxirgi marta 2023-yilda aynan Arevaloga yutqazgan edi).

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar