Suriya Ichki ishlar vazirligi 20-yanvar kuni mamlakat sharqidagi Shaddadi qamoqxonasidan 120 ga yaqin ISHID mahbusi qochib ketganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Mazkur holat bo‘yicha ma’lumotlar bir-biridan farq qilmoqda. Kurdlarning Rudaw nashri Suriya demokratik kuchlari (SDK) matbuot kotibi Farhod Shomiyga tayanib, qamoqxonadan 1 500 nafarga yaqin ISHID a’zosi qochgani haqida xabar bergan.
Suriya vazirligining bildirishicha, mahbuslar qochganidan so‘ng Shaddadi shahriga Suriya armiyasi bo‘linmalari va vazirlikning maxsus kuchlari yetib borgan. Shahar va uning atrofida o‘tkazilgan qidiruv amaliyotlari natijasida hozircha 81 nafar qochoq qayta qo‘lga olingan. Qolgan mahbuslarni hibsga olish bo‘yicha harakatlar davom etmoqda.
Suriya armiyasi avvalroq mazkur qamoqxona SDK nazoratida bo‘lganini ta’kidlab, kurd kuchlarini jangarilarni qasddan qo‘yib yuborganlikda aybladi. O‘z navbatida, SDK vakillari hukumat kuchlarining hujumi oqibatida qamoqxona ustidan nazoratni yo‘qotganini bildirmoqda. Ayni paytda, Suriya armiyasi qamoqxonaga hujum qilganini inkor etib, asosiy maqsad hudud xavfsizligini ta’minlash va qochqinlarni qaytarish ekanini ma’lum qildi.
Mintaqadagi vaziyat o‘zgarishi
Ushbu voqealar Suriyadagi siyosiy xarita keskin o‘zgarayotgan bir paytda yuz bermoqda. Ko‘p yillik to‘qnashuvlardan so‘ng, 18-yanvar kuni SDK arablar ko‘pchilikni tashkil etuvchi va asosiy neft konlari joylashgan Raqqa hamda Dayr-az-Zavr viloyatlaridan chiqib ketishga rozi bo‘lgan edi.
Xususan, SDK yetakchisi Mazlum Abdi va amaldagi prezident Ahmad ash-Shara’a o‘rtasida SDKni armiyaga integratsiya qilish bo‘yicha bitim imzolangan. Dushanba, 19-yanvar kunidan boshlab kurd kuchlari tark etgan shimoliy va sharqiy hududlarda Suriya hukumati qo‘shinlari o‘z nazoratini o‘rnatdi. Bu keskin burilish Ahmad ash-Shara’a hokimiyatining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.








