Braziliya Argentinadagi elchisini chaqirib oldi. Bunga Argentina prezidenti Haver Mileyning Braziliyaga tashrifi chog‘ida ushbu mamlakat prezidenti Luis Inasios Lula da Silvani haqorat qilgani sabab bo‘ldi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
“Xorijiy mamlakat prezidentining o‘zga davlat hududida uning rahbarini, sud tizimi bilan birga barcha demokratik institutlarini hamda xalqini haqorat qilgani tarixda kuzatilmagan”, deyiladi Braziliya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
AFP agentligi manbasiga ko‘ra, Braziliya mazkur haqoratlar yuzasidan tushuntirish berishi uchun Argentinaning mamlakatdagi elchisini ham chaqirtirgan.
Miley nima degandi?
Argentina rahbari 25-iyul kuni Braziliyaning San Paulu shahriga tashrif buyurdi. U sobiq prezident Jair Bolsonaroning o‘g‘li Flavio Bolsonaro tashkillashtirgan siyosiy tadbirda qatnashdi. Kichik Bolsonaro bo‘lajak saylovda Lula da Silvaga qarshi nomzodini qo‘ymoqchi.
Miley tadbirdagi nutqida Braziliyaning amaldagi chap qanot prezidentini nomini oshkor qilmagan holda sudlangan, jinoyatchi va o‘g‘ri deb atadi. Bundan tashqari, u Braziliya Oliy sudi sudyasi Aleksandr de Moraesni ham ismini aytmasdan “kal chiqindi” deya haqorat qildi.
Braziliya Oliy federal sudi prezidenti, vazir Edson Fachin Mileyning bu gaplarini mamlakat Oliy sudi sudyasiga nisbatan Braziliya tuprog‘ida qilingan hurmatsizlik deb baholadi.
Argentina siyosatchilari Mileyning xatti-harakatini qoraladi
Argentinaning sobiq prezidenti Alberto Fernandes X tarmog‘ida Mileyning haqoratlari aks etgan videoni joyladi.
“Miley Braziliyaga borib, aqli raso bo‘lmagan odamday baqirdi. U qamoqdagi davlat to‘ntarishi tashkilotchisi bilan uchrashishni talab qildi. Qardosh va asosiy savdo hamkorimiz bo‘lgan mamlakat prezidentini haqorat qilish kechirilmas holatdir”, deb yozdi sobiq prezident.
Buenos Ayres provinsiyasi gubernatori hamda bo‘lajak prezidentlik saylovlarining ehtimoliy nomzodi Aksel Kisillof ham tarmoqda o‘z munosabatini bildirdi. U 26-iyul kuni Braziliya tashqi ishlar vaziri Mauro Viyeyra bilan bog‘langanini va Miley Argentina xalqining qarashlarini aks ettirmasligini yetkazganini aytdi.
“Prezident Mileyning Braziliya hukumati, uning prezidenti va butun xalqini haqorat qilganini chuqur uyat hissi bilan kuzatdim. Buenos Ayres provinsiyasi nomidan shuni aytamanki, Argentina qardosh xalqlarni hurmat qiladi va mintaqaviy integratsiyani qo‘llab-quvvatlaydi”, deya taʼkidladi Kisillof.
Avvalroq Lula da Silvaga erta bosqichdagi teri saratoni tashxisi qo‘yilgani, siyosatchi profilaktik nurlanish muolajalarini boshlagani haqida xabar berilgandi.








