Braziliya Kongressi sobiq prezident Jair Bolsonaruning qamoq muddatini qisqartirishga oid qonun loyihasiga qo‘yilgan vetoni bekor qildi. Bu qaror oxirgi saylovlardagi mag‘lubiyatdan so‘ng davlat to‘ntarishiga urinishda ayblangan Bolsonaruning jazo muddatini keskin kamaytiradi. Bu haqda BBC xabar berdi.
27 yillik qamoq 2 yilga tushishi mumkin
Jair Bolsonaro 2022-yilgi saylovlarda Luiz Inasio Lula da Silvaga yutqazgan. Shundan so‘ng u hokimiyatni saqlab qolishga urinishda ayblanib, 2025-yilda 27 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Konservativ ko‘pchilikdan iborat Kongress ushbu muddatni atigi 2 yilga tushirishni taklif qildi. Prezident Lula bu urinishni to‘xtatishga harakat qilib, qonun loyihasiga veto qo‘ygan. Biroq 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan sessiyada qonun chiqaruvchilar jazo muddatini hisoblash tartibini o‘zgartiruvchi qonunni qabul qilib, vetoni chetlab o‘tdi. Ushbu qonun ustidan Oliy sudda shikoyat qilinishi mumkin.
71 yoshda bo‘lgan Bolsonaru mart oyida sog‘lig‘i yomonlashgani sababli vaqtincha uy qamog‘iga o‘tkazilgan. Sobiq armiya kapitani 2019-yildan 2022-yilgacha prezidentlik qilgan.
Oliy sud sudyalarining sentyabr oyidagi xulosasiga ko‘ra, u Lula da Silva va vitse-prezident Jeraldu Alkminga suiqasd uyushtirish rejalaridan xabardor bo‘lgan. Biroq mamlakat qurolli kuchlari rahbarlari fitnani qo‘llab-quvvatlamagani sababli reja amalga oshmay qolgan. Natijada Lula 2023-yil 1-yanvarda hech qanday ko‘ngilsiz hodisasiz lavozimiga kirishgan.
“Tug‘ilgan kun sovg‘asi”
Veto bekor qilingach, ko‘plab deputatlar baland ovozda “Ozodlik!” va “Flavio Bolsonaro!” deb hayqirdi. Flavio — sobiq prezidentning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, u otasining kursisini egallashni maqsad qilgan.
45 yoshni qarshilagan senator Flavio Bolsonaro o‘zining X sahifasida shunday yozdi:
“Deputat va senatorlarga ushbu maxsus tug‘ilgan kun sovg‘asi uchun rahmat aytaman”.
Qonunni qabul qilish uchun Kongressning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i ovoz berdi. Bu qonun davlat to‘ntarishiga oid ishlarda ayblangan shaxslarning jazosini yengillatishni ko‘zda tutadi.
Lula uchun ketma-ket zarbalar
To‘rtinchi muddatga saylanish uchun kampaniya boshlagan Lula da Silva uchun bu joriy haftadagi ikkinchi zarba bo‘ldi. Vetoni bekor qilishdan bir kun oldin Senat Lulaning Oliy sud sudyaligiga nomzodi Xorxe Messiasni rad etgandi.
Braziliyada so‘nggi o‘n yilliklarda prezident tomonidan taklif etilgan nomzodning rad etilishi birinchi bor kuzatilmoqda. So‘rovnomalarda Lula bilan teng natija ko‘rsatayotgan kichik Bolsonaro uchun bu voqealar siyosiy ustunlik bermoqda.








