Daryo

Tadqiqot: Lionel Messining nasli Braziliyaga borib taqaladi

Bu haqida italiyalik tarixchi Fyorenso Santini ma’lum qildi.

1 daqiqa o‘qish4 478 ko‘rishlar0 izoh3

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messining nasabida Braziliya bilan bog‘liq ildizlar mavjud ekani aniqlandi. Bu haqda Braziliyaning Globo nashri italiyalik tarixchi Fyorenso Santini olib borgan genealogik tadqiqot natijalariga tayanib xabar berdi.

Tadqiqotga ko‘ra, Messining ona tomondan katta bobolaridan biri Federiko Kuchchittini 1904-yil 27-yanvar kuni Braziliyaning San-Paulu shtatidagi Ribeyran-Pretu shahrida tavallud topgan. Uning ota-onasi — italiyalik Ranero Kuchchettini va Roza Rikkezza 1899-yilda Braziliyaga kelib, San-Paulu shtatidagi fermer xo‘jaliklarida mehnat qilgan.

Tarixchi Fyorenso Santinining ta’kidlashicha, aynan Braziliyada oila familiyasi o‘zgargan. Ro‘yxatga olish jarayonida Arderigo Kuchchettiniga Federiko ismi berilgan, Kochettini familiyasi esa Kuchittini shaklida qayd etilgan. Keyinchalik aynan shu familiyani Messining onasi Seliya Mariya Kuchchittini ham olib yurgan.

Federiko tug‘ilganidan bir yil o‘tib, oila Argentinaning Rosario shahriga ko‘chib o‘tgan. Keyinchalik aynan shu shaharda Lionel Messi dunyoga kelgan.

Santinining so‘zlariga ko‘ra, u Messi oilasi tarixini futbolchi "Barselona" safida porlay boshlagan davrda o‘rganishni boshlagan. Izlanishlar 2019–2022-yillar davom etgan va natijada futbolchining ona tomondan nasab shajarasi tiklangan.

Tarixchi, shuningdek, Italiyada deyarli uchramaydigan Kuchittini familiyasi Messi oilasining Braziliya bilan bog‘liqligini aniqlashda muhim omil bo‘lganini qayd etdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Lionel Messining Braziliyada istiqomat qilayotgan yaqin qarindoshlari yo‘q. Oilasi 1905-yilda Braziliyani tark etib, Argentinaga ko‘chib o‘tgan.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar