Braziliya prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silvaga erta bosqichdagi teri saratoni tashxisi qo‘yildi. Siyosatchi profilaktik nurlanish muolajalarini boshladi. Bu haqda uni davolovchi shifokorlar va Prezident administratsiyasiga tayanib Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Lula da Silvadan 24-aprel kuni bazal hujayrali jarohat (o‘sma) olib tashlangan.
“Bosh terisida profilaktik, yuzaki radioterapiya yordamida qo‘shimcha davolash muolajalarini davom ettirishga qaror qilindi”, deyiladi Sirio Libanes shifoxonasi tibbiy xulosasida.
80 yoshli prezident kundalik faoliyatini hech qanday cheklovlarsiz davom ettirishi ma’lum qilindi. Braziliya prezidenti matbuot kotibiga ko‘ra, keyingi asoratlarning oldini olish maqsadida Lula 15 seanslik radioterapiya kursini o‘taydi.
Lula oktyabr oyida ketma-ket to‘rtinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishi kutilmoqda. U bir nechta ijtimoiy so‘rovnomalarda raqibi Flavio Bolsonarodan oldinda bormoqda. Lula Braziliya tarixidagi amaldagi eng keksa prezident bo‘lib, shu vaqtgacha salomatligi bilan bog‘liq bir qancha muammolarni boshdan kechirgan. Jumladan, u 2024-yilda miyaga qon quyilishining oldini olish va uni davolash uchun shoshilinch jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazgan, 2011-yilda esa tomoq saratonidan davolangan edi.
Braziliya sobiq prezidentiga ham saraton aniqlangan
Ma’lumot o‘rnida, Luladan avvalgi prezident Jair Bolsonaro ham teri saratoni kasalligiga chalingan bo‘lib, o‘shanda shifokorlar xastalik ilk bosqichda ekanini ta’kidlagan edi. Jair Bolsonaro 2022-yilgi saylovlarda Luiz Inasiu Lula da Silvaga yutqazgan. Shundan so‘ng u hokimiyatni saqlab qolishga (davlat to‘ntarishiga) urinishda ayblanib, 2025-yilda 27 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
71 yoshli Bolsonaro mart oyida sog‘lig‘i yomonlashgani sababli vaqtincha uy qamog‘iga o‘tkazilgan. Sobiq armiya kapitani mamlakatni 2019-yildan 2022-yilgacha boshqargan. May oyida Braziliya Kongressi sobiq prezident Jair Bolsonaroning qamoq muddatini qisqartirishga oid qonun loyihasiga qo‘yilgan vetoni bekor qildi. Endilikda davlat to‘ntarishiga urinishda ayblangan Bolsonaroning jazo muddati keskin kamaytirilishi kutilmoqda.








