Vengriya bosh vaziri Viktor Orban “Fides” partiyasi yetakchisi sifatida olgan deputatlik mandatini topshirishini ma’lum qildi.
Orbanning partiyasi 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida mag‘lub bo‘ldi. Natijada 16 yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan siyosatchi bosh vazirlik lavozimini tark etadi. U yangi parlamentda o‘rin egallamasligini bildirdi.
“Partiya yetakchisi sifatida olgan mandatim ‘Fides’ga tegishli, shu sababli uni qaytarishga qaror qildim. Hozir men parlamentga emas, milliy kuchlarni qayta tashkil etishga kerakman”, dedi Orban.
U hozirda “Fides” rahbariyatida fraksiyani yangilash bo‘yicha muhokamalar faol davom etayotganini aytdi. Fraksiya 27-aprel kuni shakllantiriladi va unga Gergely Gulyas rahbarlik qiladi.
Vengriyalik jurnalist Sabolch Panining ma’lumotiga ko‘ra, Orban yozda qizi va kuyovi yashaydigan AQSHga borishni rejalashtirmoqda. 12-aprel kungi saylovda muxolifatdagi “Tisa” partiyasi amaldagi “Fides”ni sezilarli farq bilan ortda qoldirdi. Partiya yetakchisi Peter Madyar Vengriyaning yangi bosh vaziri bo‘lishi kutilmoqda. U Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ajratmoqchi boʻlgan 90 milliard dollarlik kreditini bloklashni davom ettirish niyatida emas.
Orban Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Yevropadagi asosiy hamkorlaridan biri sanaladi va Ukrainaga qarshi qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan. AQSH prezidenti Donald Tramp ham Orbanni faol qo‘llab-quvvatlab kelgan. Saylovda g‘alaba qozongan “Tisa” yetakchisi — 45 yoshli Peter Madyar esa Yevropa bilan munosabatlarni tiklash tarafdori.








