Savdo, Tayvan va Eron masalalari bo‘yicha o‘tgan muzokaralardan so‘ng, Xitoy rahbari Si Szinpin AQSH prezidenti Donald Trampni Pekindagi yopiq Jongnanhay qarorgohiga taklif qildi. Ikki davlat rahbari 15-may kuni sammitning so‘nggi soatlarida yoshlari asrlarga teng daraxtlar orasida sirli bog‘da sayr qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Jongnanhay — Xitoyning yopiq markazi
Bu hudud ilgari imperator bog‘i bo‘lgan. Hozirda bu yerda hukmron Kommunistik partiya apparati va Xitoy Davlat kengashi (Vazirlar Mahkamasi) idoralari joylashgan. Majmua poytaxtning mashhur “Taqiqlangan shahri” yonida va Tyananmen maydoni yaqinida joylashgan.
Sayr davomida rahbarlarning suhbati mikrofonlarga yozib olindi. Unda Tramp ba’zi daraxtlarning 1000 yoshda ekanini eshitib, hayratini yashira olmadi. Si Szinpin tarjimon orqali baland daraxtlarga ishora qilib, shunday dedi:
“Sizga aytsam, bu tarafdagi barcha daraxtlarning yoshi 200 yildan 300 yilgacha. Anavi yerda esa 400 yoshdan oshganlari ham bor”.
Tramp bunga javoban: “Ular shunchalik uzoq yashaydimi?” deb so‘radi.
Si Szinpin boshqa joylarda 1000 yillik daraxtlar ham borligini qo‘shimcha qildi. Tramp boshqa xorijiy yetakchilar ham ushbu yerda qabul qilinishi yoki qilinmasligi bilan qiziqdi.
“Juda kamdan kam hollarda. Avvallari bu yerda diplomatik tadbirlar o‘tkazmasdik. Keyinchalik boshlagan bo‘lsak-da, bu kamdan kam hollarda yuz beradi. Masalan, Putin bu yerda bo‘lgan”, deb javob berdi Si Szinpin.
Shundan so‘ng, Xitoy rahbari Trampni 280 yoshli daraxtni ushlab ko‘rishga taklif qildi.
“Yaxshi. Menga yoqdi”, deb javob qaytardi Tramp.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Trampning Si Szinpin yondaftariga yashirincha ko‘z tashlagani tasvirlangan videolar tarqaldi.








