Fortune nashri Graduate Management Admission Council so‘rovnomasiga tayanib xabar berishicha, neyrotarmoqlar tufayli zumerlar uchun ish topish qiyinlashgan. Ish beruvchilarning 33 foizi sun’iy intellekt sababli boshlang‘ich lavozimlar sonini allaqachon qisqartirmoqda.
Shunga qaramay, hali ish tajribasiga ega bo‘lmaganlar tushkunlikka tushmasdan, dunyodagi o‘zgarishlarga moslashishi kerak.

“Ish beruvchilar dasturlash, ma’lumotlarga ishlov berish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish kabi sohalardagi bir xil, zerikarli vazifalarni avtomatlashtirish uchun sun’iy intellektdan tobora ko‘proq foydalanmoqda. Lekin ular puxta o‘ylangan qarorlar qabul qila oladigan, muammolarni hal etadigan va tashkilotlarning o‘zgarishlarga moslashishiga yordam beradigan mutaxassislarga sarmoya kiritishda davom etyapti”, deydi GMAC’ning maktablar va sanoat bilan hamkorlik bo‘yicha katta vitse-prezidenti Sabrina Uayt.
Qizig‘i shundaki, sun’iy intellekt rivojlanayotganiga qaramay, alfa avlod vakillarining aksariyati texnologiyalarga qiziqmaydi. Talker Research tadqiqotiga ko‘ra, bolalarning 85 foizi kelajakda qo‘l mehnati talab etiladigan sohalarda ishlashni afzal ko‘radi.








