Daryo

Venesuelada halokatli zilziladan deyarli bir oy o‘tib vayronalar ostidan mushuk qutqarib olindi

“Uni topganimizdan juda xursandman. Bu yerdagi biror jonga achinmaslikning iloji yo‘q”, deydi ko‘ngilli qutqaruvchi.

2 daqiqa o‘qish3 302 ko‘rishlar0 izoh1

Venesuelada 18-iyul kuni zilzila oqibatida vayron bo‘lgan turar joy majmuasi ostidan mushuk olib chiqildi. Qutqaruvchilar uning holdan toyganini aytdi. Bu haqda CBS News xabar berdi.

24-iyun kuni Janubiy Amerika mamlakatida ketma-ket sodir bo‘lgan ikkita zilzila oqibatida 5200 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Eng og‘ir talafot La Guaira sohilbo‘yi shtatida qayd etildi. Ko‘ngilli qutqaruvchi Andres Karvahal La Guairadagi vayronaga aylangan binoda qidirish ishlarini olib borayotganda mushukni ko‘rib qolganini aytdi.

“Biz mushukni ko‘rdik. U qo‘rquvdan bino ichkarisiga kirib ketdi. Men ichkariroq kirdim. Qo‘lqopimni yechdim va kaftimga mushuk ovqatini qo‘ydim. U asta-sekin yaqinlashdi va juda och qolgani uchun darhol yeyishga tushdi”, dedi 21 yoshli universitet talabasi bo‘lgan Karvahal.

Karvahal va Karakasdagi Venesuela Markaziy universitetining boshqa talabalari qutqaruv ishlariga yordam berish uchun uyushma tuzgan. Qutqarib olingach, mushuk veterinarlar navbatchilik qilayotgan kichik lagerga topshirildi. Egasiz hayvonlar boshpanasiga yuborilishidan oldin unga suyuqlik berildi va tozalandi.

“Uni topganimizdan juda xursandman. Bu yerdagi biror jonga achinmaslikning iloji yo‘q. Bu kichik mushukni topish esa haqiqatan ham umid uchqunidir”, dedi Karvahal.

Iyun oyi oxirida xuddi shu hududda qutqaruvchilar jamoasi vayronalar ostidan kichkina itni ham olib chiqqan edi. La Guairadagi sobiq McDonald’s restorani tashqarisida ko‘ngilli veterinarlar zilzila oqibatida jarohatlangan yoki egasiz qolgan uy hayvonlari uchun vaqtinchalik klinika tashkil etdi. Jihozlar kam bo‘lishiga qaramay, ular hayvonlarni qutqarish uchun ishlamoqda.

Qurbonlar soni 5 200 kishidan oshdi

19-iyul kungi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 5208 kishiga yetgan. Venesuela qonunchilik organi prezidenti Horhe Rodrigesning so‘zlariga ko‘ra, yaradorlar soni 16 740 kishiligicha qolmoqda.

Venesuela rasmiylari hali yo‘qolganlar soni bo‘yicha taxminiy ma’lumot bergani yo‘q. La Guairada 20 000 ga yaqin boshpanasiz qolgan odam stadionlar, jamoat maydonlari va yo‘laklarda tashkil etilgan vaqtinchalik lagerlarga joylashtirilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 850 dan ortiq bino zararlangan, 190 tasi esa butunlay qulab tushgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar