Daryo

Venesuelada zilzila sabab 58 mingdan ortiq bino shikastlandi yoki vayron bo‘ldi (foto)

Tabiiy ofat ortidan 1700 odam qurbon bo‘ldi, qariyb 16 ming kishi uy-joysiz qoldi.

1 daqiqa o‘qish2 431 ko‘rishlar0 izoh1

O‘tgan hafta Venesuelada sodir bo‘lgan ikkita kuchli zilzila oqibatida 58 mingdan ortiq bino zarar ko‘rgan yoki butunlay vayron bo‘lgan. Bu haqda AQSH Milliy aeronavtika va kosmik tadqiqotlar agentligi (NASA) sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga tayanib ma’lum qildi.

Janubiy Amerikada joylashgan bu davlatda so‘nggi bir asrdan ko‘proq vaqt ichida sodir bo‘lgan eng kuchli (7,2 va 7,5 balli) zilzilalar oqibatida 1700 ga yaqin kishi halok bo‘ldi. Bedarak yo‘qolganlar hali ham qidirilmoqda.

Foto: The New Straits Times

Parlament prezidenti Horhe Rodrigesning ma’lum qilishicha, zilzilalar oqibatida 5034 kishi jarohatlangan. Shuningdek, 15 866 kishi uy-joysiz qolgan, yana 22 619 kishi tibbiyot markazlarida davolanmoqda. Eng xavotirli ma’lumotni BMT taqdim etdi: tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, bedarak yo‘qolganlar soni 68 ming bo‘lishi mumkin.

Oregon davlat universiteti tadqiqotchilari Kori Sher va Jeymon Van Den Huk zilziladan bir kun keyin ya’ni 25-iyun kuni to‘plangan sun’iy yo‘ldosh radar ma’lumotlarini tahlil qildi. Ularning aytishicha, zarar ko‘rgan hududda taxminan 58 870 ta bino shikastlangan yoki vayron bo‘lgan. Olimlar Yevropa kosmik agentligining yuqori aniqlikdagi tasvirlarni oluvchi Sentinel-1 sun’iy yo‘ldoshi ma’lumotlaridan foydalangan.

Foto: The New Indian Express
“Bu dastlabki, tezkor xulosa. Unda yer yuzasining aynan vayronagarchilikka xos bo‘lgan keskin o‘zgarishlari aks etgan”, deb yozdi tadqiqotchilar.

Ular bu raqam shunchaki ko‘rsatkich ekanini va hali to‘liq (bevosita hududning o‘zida) tekshirilmaganini qo‘shimcha qildi. 29-iyun kuni Venesuela Milliy Assambleya spikeri Horhe Rodriges 855 ta bino shikastlanganini, shundan 189 tasi butunlay qulab tushganini ma’lum qilgandi.

Foto: India Today

NASA o‘z sun’iy yo‘ldoshlari muhim yordam ko‘rsatayotganini bildirdi. Agentlik tasvirlar va ma’lumotlarni taqdim etish orqali qutqaruvchilarning ishini yo‘naltirmoqda hamda zarar ko‘lamini baholashga ko‘maklashmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar