Daryo

Shvetsiyadagi Rossiya elchixonasi dronlar hujumiga uchradi

Diplomatik vakolatxona Shvetsiya rasmiylarini elchixona xavfsizligini ta’minlay olmaganlikda aybladi. Hodisa atayin uyushtirilgani da’vo qilindi.

1 daqiqa o‘qish6 469 ko‘rishlar0 izoh1

Rossiyaning Shvetsiyadagi elchixonasi 2-iyul kuni tunda ikki dona dron tomonidan hujumga uchraganini ma’lum qildi. Diplomatik vakolatxona Shvetsiya rasmiylarini elchixona xavfsizligini ta’minlay olmaganlikda aybladi. Bu haqda The Moscow Times xabar berdi.

Elchixona ta’kidlashicha, mahalliy vaqt bilan tungi soat 02:00 larda birinchi dron elchixona hududiga qizil bo‘yoq to‘ldirilgan idishni tashlagan.

“Soxta qo‘lbola portlovchi qurilma o‘rnatilgan ikkinchi dron esa elchixona hududiga qulab tushdi. Katta ehtimol bilan bu ataylab qilingan”, deyiladi bayonotda.

Rossiya diplomatik missiyasi bu voqeani keskin qoraladi. Ular buni shunchaki provokatsiya emas, balki “Rossiya missiyasi xodimlarini qo‘rqitishga bo‘lgan ochiqchasiga urinish” deb atadi.

“Ochiq-oydin aytamiz: bu ish bermaydi”, deb yozdi Rossiya elchixonasi o‘z Telegram kanalida.

Rossiya elchixonasi Shvetsiya huquq-tartibot idoralarini ham tanqid qildi. Ularning aytishicha, so‘nggi yillarda qayd etilgan o‘nlab shunday “vandalizm” holatlari bo‘yicha Shvetsiya politsiyasi “shunchaki rasmiy hisobotlar tuzish”dan nariga o‘tmagan.

Shvetsiyadagi Rossiya diplomatik mulklariga qilingan shunga o‘xshash hujumlar kamida 2024-yildan beri qayd etiladi. Stokgolmdagi Rossiya elchixonasi 2-iyul kungi bayonotida avvalgi hodisalar bo‘yicha olib borilgan tergovlar natija bermaganini ta’kidladi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova bundan oldin Shvetsiya hukumati elchixonaga qilingan dron hujumlariga o‘zi ruxsat bergan bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

Avvalroq Rossiya Afrikaning yana to‘rtta davlatida, ya’ni Gambiya, Liberiya, Togo va Komor orollari ittifoqida elchixonalar ochishni rejalashtirayotgani haqida ma’lum qilingandi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, qit’ada diplomatik ishtirokning kengayishi aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. 

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar