O‘zbekistonga chetdan yana 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektorda ma’lum qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, ilgari ma’lum qilingan raqamlarga nisbatan qoramollar soni 2,1 million boshga, qo‘y va echkilar soni 1,5 million boshga kam chiqqan.
Birgina Qashqadaryo viloyatida qoramollar soni 171 ming boshga, qo‘y va echkilar 288 ming boshga kamligi aniqlangan. Bu ushbu viloyat hisobidan bozorga 50 ming tonna go‘sht va 120 million litr sut chiqmasligini anglatadi.
Chorvachilik loyihalari uchun may oyida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 1 trillion so‘m ajratilgan edi. Muammoni yechish uchun qo‘shimcha ravishda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yana 50 million dollar yo‘naltirilishi belgilandi.
Mazkur mablag‘lar hisobidan chorva kompleksi tashkil etishga 5 milliard so‘mgacha, naslli qoramolchilik uchun 20 milliard so‘mgacha 10 foizli kredit ajratiladi. Kreditlar 10 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan beriladi. Yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish vazifasi qo‘yildi.
Shundan kelib chiqib, go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha imtiyoz yil yakunigacha uzaytiriladi.
Yig‘ilishda davlat rahbari bozorda tovar va xizmatlar taklifini ko‘paytirish orqali inflyatsiyani jilovlash vazifasi qo‘yilganini eslatdi. Viloyat hokimlari yanvar—iyun oylarida inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslikni maqsad qilgan edi. Lekin Samarqand viloyatidan tashqari birorta hudud buni uddalay olmagani xabar qilindi.
Aprel—iyun oylarida go‘sht narxi 6-8 foizga ko‘tarilgan. Shu bois, import go‘shtni samolyotda tashish xarajatlarini qoplash uchun 300 milliard so‘m ajratilgan. Poytaxt va Toshkent viloyatidan tadbirkorlar samolyotda 1 ming 300 tonna go‘sht olib kelgani aytildi. Lekin boshqa hududlar bu borada yetarli tashabbus ko‘rsatmagani ta’kidlandi.
Davlat rahbari hokimlar va mas’ullar go‘sht balansini viloyatlar kesimida qayta ko‘rib chiqishni topshirdi: qachon va qaysi davlatdan qancha go‘sht olib kelish bo‘yicha aniq reja tuzishi shartligi aytildi.








