Daryo

Prezident yil yakunigacha go‘sht importini 130 ming tonnaga yetkazish topshirig‘ini berdi

Mutasaddilarga qayerda to‘siq bo‘lsa, qayerda yuk to‘xtab qolsa, tadbirkorlar masala ko‘tarishini kutmasdan, onlayn monitoring orqali operativ yechim qilib berish topshirildi.

1 daqiqa o‘qish3 438 ko‘rishlar0 izoh5

O‘zbekistonda logistikadagi uzilishlar oqibatida 2026-yil birinchi choragida qoramol importi 2 baravar kamaydi. Bu haqda prezident raisligidagi videoselektorda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, muammoga tezkor yechim sifatida samolyotda olib kelinadigan har bir naslli qoramol uchun 4 million so‘mgacha subsidiya ajratish, go‘sht importida esa transport xarajatining yarmini qoplash tizimi joriy etildi. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun muqobil transport koridorlarini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Mas’ullarga ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha esa jami 130 ming tonna go‘sht importini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Qayerda yuk to‘xtab qolsa yoki to‘siqlar yuzaga kelsa, tadbirkorlar murojaatini kutmasdan, onlayn monitoring orqali muammolarni operativ hal qilish topshirildi.

Hududlarda 478 ming gektar maydonda ozuqa ekinlari ekish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, Namangan viloyatida ozuqa yerlarining 74 foizida hali ekin ekilmagani tanqid qilindi. Shuningdek, chorvachilik salohiyati yuqori bo‘lgan Zarbdor, Qiziltepa va Pop tumanlarida silos ekish boshlanmagani, Amudaryo, G‘ijduvon, Xonqa va Bag‘dod tumanlarida ham ishlar qoniqarsiz ekani qayd etildi.

Viloyat hokimlariga mavjud qoloqliklarni bartaraf etish va ishlarni jadallashtirish topshirildi. Shu bilan birga, yana 100 ming gektar ekin yerini yangi tizim asosida auksionga chiqarish belgilandi va har bir kunning qadrli ekani ta’kidlanib, ushbu yerlarni tez fursatda auksionga chiqarib, ekin ekishni boshlash zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda sanoat plantatsiyalari tashkil etayotgan tadbirkorlarga keng imtiyozlar va moliyaviy resurslar ajratilayotgani bildirildi. Viloyat hokimlariga joriy yilda kamida 5 tadan yirik sanoatlashgan meva-sabzavot plantatsiyasini namunali tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar