Daryo

Nordwind Airlines Qozon—Toshkent yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ydi

Birinchi reys bilan Toshkentga 220 nafar yo‘lovchi yetib keldi. Endilikda qatnovlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.

1 daqiqa o‘qish2 204 ko‘rishlar0 izoh0

Rossiyaning Nordwind Airlines aviakompaniyasi Qozon—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk muntazam reysni amalga oshirdi. Endilikda qatnovlar haftasiga ikki marta bajariladi.

18-iyul kuni Toshkent xalqaro aeroporti Nordwind Airlines aviakompaniyasining Qozon—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk muntazam reysini qabul qildi. Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 06:20 da qo‘ngan.

Yangi yo‘nalish ochilishi munosabati bilan havo kemasi aviatsiya an’anasiga ko‘ra suv arkasi ostida tantanali kutib olindi. Birinchi reys bilan Toshkentga 220 nafar yo‘lovchi yetib keldi.

Shu kunning o‘zida Toshkent vaqti bilan soat 08:15 da bortida 207 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Qozon shahriga ortga jo‘nab ketdi.

Ma’lum qilinishicha, Qozon—Toshkent yo‘nalishidagi muntazam parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi. Reyslar dushanba va juma kunlari Qozondan, seshanba va shanba kunlari esa Toshkentdan bajariladi. Parvoz davomiyligi o‘rtacha 3 soat 30 daqiqani tashkil etadi.

Nordwind Airlines mazkur yo‘nalishda parvozlarni amalga oshirayotgan beshinchi aviatashuvchi bo‘ldi. Ayni paytda Uzbekistan Airways, Centrum Air, FlyOne Asia va UVT Aero ham Toshkent—Qozon yo‘nalishida muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda.

Ma’lumot uchun, Nordwind Airlines 2008-yilda tashkil etilgan Rossiyaning xususiy aviakompaniyasi hisoblanadi. Uning asosiy aeroporti Moskva shahridagi Sheremetyevo xalqaro aeroporti bo‘lib, aviakompaniya 200 dan ortiq yo‘nalishda parvozlarni Boeing 737, Boeing 777, Airbus A321 va Airbus A330 rusumidagi samolyotlarda amalga oshiradi.

Avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingandi. Mamlakatning Aero Nomad Airlines va Asman Airlines aviakompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazilgan.

Aero Nomad Airlines bilan erishilgan kelishuvga ko‘ra, 23-avgustdan Bishkek—Toshkent—Bishkek yo‘nalishida haftasiga ikki marta muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yiladi. Ta’kidlanishicha, yangi aviaqatnov ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar