O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida yangi aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va mavjud yo‘nalishlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, qo‘mita raisi Abdulaziz Aqqulovning Qirg‘izistonga xizmat safari doirasida Aero Nomad Airlines va Asman Airlines aviakompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi aviaaloqalarni rivojlantirish, qo‘shma turistik mahsulotlarni yaratish hamda sayyohlar oqimini oshirish istiqbollarini muhokama qilgan.
Aero Nomad Airlines bilan erishilgan kelishuvga ko‘ra, 23-avgustdan Bishkek—Toshkent—Bishkek yo‘nalishida haftasiga ikki marta muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yiladi. Ta’kidlanishicha, yangi aviaqatnov ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik va ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, Asman Airlines bilan Bishkek va O‘shdan Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonning talab yuqori bo‘lgan boshqa shaharlariga ham parvozlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Buning uchun yo‘lovchilar talabi va bozor ehtiyojlarini birgalikda o‘rganish hamda yangi yo‘nalishlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Muzokaralarda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Andijonni Bishkek, O‘sh hamda Issiqko‘l bilan bog‘laydigan yo‘nalishlarni rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Aviakompaniyalarga O‘zbekistonda yangi xalqaro yo‘nalishlarni ochayotgan xorijiy aviatashuvchilar uchun amal qilayotgan davlat qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonning turizm salohiyatini qirg‘izistonlik turoperatorlar orasida targ‘ib qilish va yangi aviaqatnovlarni ommalashtirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.
30-iyundan O‘zbekiston va Iordaniya poytaxtlari — Toshkent hamda Ammon o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgandi. Jadvalga ko‘ra, Royal Jordanian Airlines kompaniyasining RJ196 reysi Ammondan mahalliy vaqt bilan soat 22:50 da uchib, ertasi kuni soat 05:25 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi.








