Daryo

Vengriya prezidenti o‘z vakolat muddatini tugatuvchi qonunni imzoladi

Tamash Shuyok amaldagi bosh vazirning partiyasi tayyorlagan konstitutsiyaviy o‘zgartirishni ma’qulladi. U “qonunni hurmat qilgani uchun” boshqa chorasi qolmaganini aytdi. Orban buni keskin qoraladi.

1 daqiqa o‘qish6 510 ko‘rishlar0 izoh7

Vengriya prezidenti Tamash Shuyok 18-iyul kuni o‘z vakolat muddatini tugatishni nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy tuzatishni imzoladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Konstitutsiyaviy o‘zgartirish bosh vazir Peter Madyarning hukmron “Tisa” partiyasi tomonidan qabul qilindi. Bu sobiq bosh vazir Viktor Orbanning hokimiyat tayanchlarini yo‘q qilishga qaratilgan harakatning bir qismi hisoblanadi. Madyar yetakchiligidagi “Tisa” partiyasi 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovda mutlaq g‘alaba qozongandi.

Tuzatish Shuyokning vakolat muddatini darhol tugatadi. Bunga prezident jamiyatning “jiddiy ishonchini yo‘qotgani” sabab qilib ko‘rsatilgan. Shuyok 2024-yil boshida Orbanning “Fides” partiyasi deputatlari tomonidan prezident etib saylangan edi.

Shuyokning aytishicha, u “qonunni hurmat qilgani uchun” uni tasdiqlashdan boshqa chorasi qolmagan.

“Konstitutsiyaga kiritilgan o‘n yettinchi o‘zgartirish Vengriya konstitutsiyaviy demokratiyasida tub burilish yasadi... Davlat amaldorlarini qonun ustuvorligini ochiqdan-ochiq buzadigan tarzda lavozimidan chetlashtirish demokratiyaning konstitutsiyaviy qadriyatlari va qonun ustuvorligiga chuqur jarohat yetkazuvchi salbiy pretsedent yaratadi”, dedi Shuyok.

Hukumatni 16 yil davomida boshqargan Viktor Orban Facebook’da islohotni tanqid qildi.

“Tiranlik endi tahdid emas, balki haqiqatdir. Agar prezidentga shunday qilish mumkin bo‘lsa, ertaga hech kim xavfsiz bo‘lmaydi”, dedi u.

“Fides” aprel oyidagi saylovda mag‘lubiyatga uchraganidan beri bir qator shov-shuvli isteʼfolar va jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovining pasayishiga duch keldi. Shu paytgacha Shuyok o‘z isteʼfosini talab qilayotgan Madyar va uning partiyasiga qatʼiy qarshilik ko‘rsatib kelayotgandi. Ular prezidentni saylovchilar ishonchini yo‘qotganlikda hamda milliy manfaatlar masalalarida taraqqiyotga to‘sqinlik qilishda ayblagan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar