So‘nggi kunlarda Rossiyaning ayrim hududlarida yong‘inlar kuzatilmoqda. Migratsiya agentligi mazkur hodisalar yuzasidan federatsiyadagi o‘zbekistonliklarga murojaat yo‘lladi.
Agentlik agar fuqarolar xavfli hududda bo‘lsa, darhol xavfsiz joyga ko‘chishni tavsiya qilgan. Qutqaruv xizmatlari ko‘rsatmalariga amal qilish muhimligini bildirgan.
“Agar yong‘in oqibatida jabrlangan yoki jarohat olgan vatandoshlarimiz bo‘lsa, zudlik bilan Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasiga murojaat qiling”, deyiladi murojaatda.
Qayd etilishicha, agentlik bilan bog‘lanish uchun quyidagi telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish mumkin:
- +7 499 230 00 32;
- +7 499 230 00 76;
- +7 925 045 47 44.
Ma’lumot o‘rnida, Ukraina 18-iyulga o‘tar kechasi Rossiyadagi Wildberries omborlariga dronlar bilan hujum qilgandi. Oqibatda 7 kishi halok bo‘lgan, 24 kishi jarohatlangan.
Bundan tashqari, Vladimir shahrida dron ko‘p qavatli uydagi xonadonlardan biriga tushib, yong‘in keltirib chiqargan. Vladimir viloyati gubernatori Aleksandr Avdeyevning dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hodisada jabrlanganlar yo‘q.
Rasmiylar hujumlarni Ukraina dronlari amalga oshirganini bildirmoqda. Ukraina tomoni esa hozircha voqealarga munosabat bildirmagan va hujumlar uchun mas’uliyatni rasman o‘z zimmasiga olmagan. Ukraina harbiylari 12-iyulga o‘tar kechasi Rossiyaning 14 ta kemasiga zarba berdi va Moskva tomon bir sutkada 300 dan ortiq dron uchirdi.








