Daryo

“Finalissima”: Messi uchun noqulay raqib, boshqacha Yamal va final haqida boshqa fikrlar

Bugungi JCH—2026 finali nafaqat ikki qit’a gegemonlari, balki butunlay farq qiluvchi ikki xil o‘yin uslubi o‘rtasidagi to‘qnashuv bo‘ladi — Ispaniya va Argentina. Argentina amaldagi chempion sifatida butun o‘yinni Messiga moslashtirgan bo‘lsa, Ispaniya yosh yulduz Lamin Yamal yetakchiligida maydonda mutlaq to‘p nazoratiga erishishni xohlaydi. “Daryo” kolumnisti Qahramon Aslanov maqolasida asr finali oldidan jamoalarning imkoniyatlari, Messiga noqulay tushadigan raqib va o‘zgacha Yamal haqida so‘z yuritiladi.

11 daqiqa o‘qish6 355 ko‘rishlar0 izoh6

Bugun qariyb 40 kun davom etgan 104 o‘yindan iborat futbol marafonining hal qiluvchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Argentina o‘z chempionligini himoya qilish va to‘rtinchi oltinni qo‘lga kiritib, bu borada Italiyaga yetib olish uchun maydonga tushsa, Ispaniya 16 yillik tanaffusdan so‘ng yana shohsupa orzusida.

MUNDIALGA YO‘L

Har ikki terma jamoani ma’lum bir sikl nuqtai nazaridan solishtiradigan bo‘lsak, Argentina safida Enso va Alvares kabi yosh yulduzlar bo‘lsa-da, jamoa nisbatan yoshi ulug‘roq va, aniqrog‘i, o‘zining so‘nggi onlarini o‘tkazmoqda, desak bo‘ladi. Zero, katta ehtimol bilan Leo Messi ushbu finaldan so‘ng terma jamoadagi faoliyatini tugatishi mumkin. Shubhasiz, Messisiz Argentina butunlay yangi jamoaga aylanadi. Ispaniya esa, aksincha, Lamin Yamal bilan o‘zining yangi qiyofasiga ega bo‘ldi va jamoa uzoq vaqt mana shu ko‘rinishda (ijrochilar almashgan holatda ham) barqaror davom etishi mumkin.

Argentina — amaldagi Jahon chempioni, tarkibida JCH—2022 g‘olibi bo‘lgan 16 nafar futbolchi mavjud. Bu Qatarda chempionlikka erishgan, keyin esa 2024-yilda Kopa Amerikada ham g‘olib chiqqan, yirik musobaqalarda yutish hadisini olgan juda tajribali jamoadir. O‘z navbatida, de la Fuentening Ispaniyasi haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. Ispanlar uning qo‘l ostida ikki yil oldin Yevro—2024 g‘olibi bo‘lgandi. Jamoa o‘sha g‘alabani katta ustunlik va har bir raqib ustidan ishonchli o‘yin ko‘rsatib qo‘lga kiritganini unutmaslik kerak.

Foto: Getty Images

Argentina ushbu mundial saralash o‘yinlarini ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi va ta’qibchilardan 9 ochkolik farq bilan guruhni yakunladi. Jamoaning 18 o‘yinda atigi 10 ta gol o‘tkazib yuborgani ham Skaloni shogirdlari ancha ishonchli va salobatli o‘yin ko‘rsatganidan dalolat beradi. Yevropada saralash bahslari guruhlarga bo‘lingan holda o‘tkaziladi, shu bois jamoalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri solishtirish qiyin. Ammo Ispaniya ham o‘z bosqichidan bir tekisda o‘tganini ta’kidlash kerak. Turkiya, Gruziya va Bolgariya bilan bir guruhda to‘p surgan ispanlar 5 g‘alaba va 1 durang qayd etib, 1-o‘rin bilan yo‘llanmani o‘ziga ish qildi. Ispaniya ayni damda barcha turnir va o‘rtoqlik o‘yinlarini qo‘shib hisoblaganda 37 o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyaga ega ekanini ta’kidlash lozim. Agar ispanlar bugun ham mag‘lubiyatga uchramasa, bu borada Italiyaning 2018–2021-yillar mobaynida o‘rnatgan 37 o‘yinlik rekordini yangilagan bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, italiyaliklarning o‘sha seriyasi aynan Ispaniyaga qarshi o‘yinda barham topgandi.

Foto: Getty Images

Xullas, finalning har ikki tarafida o‘z qit’asining barcha musobaqalarida tengsiz deb topilgan va endi jahon shohsupasiga chiqishga tayyor bo‘lgan ikkita qudratli terma jamoa turibdi.

MURABBIYLAR

Uslub va futbolga bo‘lgan yondashuv nuqtai nazaridan Luis de la Fuente va Lionel Skaloni bir-biridan tubdan farq qilsa-da, ularda bitta muhim umumiylik bor — ikkisi ham doimiy g‘olib murabbiydir. Ular terma jamoa boshqaruviga kelishi hamono o‘zlari ishtirok etgan barcha musobaqalarda faqat chempionlikni ko‘zlashgan.

De la Fuente Ispaniya terma jamoasi boshqaruviga 2021-yilda, Yevro—2020 dan so‘ng kelgandi. O‘sha Yevro yarim finalida mag‘lubiyatga uchragan ispanlar 2022-yildagi Jahon chempionatini yangi murabbiy, yangi uslubda boshlashdi. Lekin nimchorak finalda Marokash bilan o‘yinda hisob ochilmagach, penaltilar seriyasida imkoniyat boy berildi. Bu ispanlarning qatorasiga ikkita mundialni asablar o‘yinida boy berishi edi. Ammo de la Fuente keyingi turnirlardayoq jamoa oldiga ulkan maqsadlar qo‘ya boshladi. 2023-yilda ispanlar Millatlar ligasini, 2024-yilda esa 12 yillik tanaffusdan so‘ng Yevropa chempionligini qo‘lga kiritishdi. 2025-yilda esa Ispaniya yana bir bor Millatlar ligasi finalida o‘ynadi, ammo bu safar portugallarning qo‘li baland kelgandi.

Foto: “Daryo” / Kollaj

Skaloni Argentinani JCH—2018 dan so‘ng qabul qilib olgan. Dastlabki yirik turnir — Kopa Amerikada Argentina bronza medalini qo‘lga kiritdi (o‘shanda jamoa yarim finalda Braziliyaga imkoniyatni boy bergandi). Ana shundan keyin argentinaliklarning chinakam g‘alabali onlariga start berildi. Jahon chempionatidagi zafardan tashqari, terma jamoa 2021 va 2024-yillarda o‘z qit’asi g‘olibligini ham qo‘lga kiritdi. 2022-yilda esa Yevro va Kopa Amerika qit’a chempionlari o‘rtasida o‘tkaziladigan an’anaviy “Finalissima”da Italiyani 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

USLUB

Bir qaraganda, har ikki jamoa o‘xshash futbol maktablarida tarbiya topgan, shunga monand ustunlik va kamchiliklarga ega futbolchilardan iborat bo‘lsa-da, o‘yin uslubi borasida bir-biridan butunlay farq qiladi.

Ispaniya klassik 4-2-3-1 sxemasida harakat qiladi. Asosiy urg‘u to‘p nazoratiga va qanotlarda uchburchaklar hosil qilishga qaratilgan. Ularning o‘yinidagi asosiy tamoyil — bo‘sh zonalar yaratish va ularni to‘ldirish hisobiga to‘p nazoratini ushlab turishdir.

Argentina asosan 4-4-2 sxemasida o‘ynaydi va butun e’tibor Leo Messiga qulaylik yaratishga qaratiladi. Jamoaning o‘yini aynan Messi atrofida qurilgan. “Messi qanday hujum qilish va maydonning qaysi nuqtasida o‘ynashni o‘zi hal qiladi, mening vazifam — qolgan o‘n futbolchining holati va vazifalarini unga moslashtirish”, – degandi Skaloni chorak finaldan keyin. Bu fikrda biroz mubolag‘a bo‘lsa-da, haqiqat ko‘proq. Ayniqsa, to‘psiz harakatlarda Messi zamonaviy futbolga xos bo‘lmagan tarzda passivlik ko‘rsatsa-da, qolgan futbolchilarning himoyada ikki hissa ko‘p mehnat qilishi hisobiga jamoada ochiq muammo yuzaga kelmayapti. Eng muhimi, Messi o‘ziga yaratib berilgan erkinlikni hujumdagi harakatlari bilan to‘la oqlamoqda.

Ispaniya to‘pni asosan markazdagi son ustunligi yordamida nazorat qilsa-da, raqib darvozasiga asosiy xavfni qanotlardan, xususan, Lamin Yamalga bo‘sh zonalar yaratib berish orqali amalga oshiradi. Argentina esa, aksincha, to‘pni raqib hududiga qanotlar orqali olib borishga intilsa-da, asosiy hujumlarni markazdan tashkil qiladi — argentinaliklar ushbu mundialda eng ko‘p markaz orqali hujum qiladigan jamoa bo‘lib turibdi. Yana bir farq: Ispaniya qanotlar yordamida hujum frontini kengaytirishga urinsa, Argentina markazga imkon qadar ko‘proq futbolchini yig‘ib, qisqa paslar va Messining driblinglariga sharoit yaratishga harakat qiladi.

MESSI QUROLMI YOKI MUAMMO?

Shubhasiz, Argentinaning g‘alabalarida Messining o‘rni beqiyos. Lekin voqealar rivojiga chuqurroq e’tibor bersak, faqatgina ma’lum bir ssenariylardagina uning o‘yini ochilib ketishini ko‘rishimiz mumkin. Qachonki Argentina to‘p nazoratini o‘z qo‘liga olib, tashabbuskor o‘yin ko‘rsatsa, Messi sehri ishga tushadi. Lekin raqib o‘yin tizginini o‘ziga olib, uzoq muddatli pozitsion hujumlarni ko‘paytirganda, Messi himoyaga qaytmasligi sababli, Argentina xuddi bir kishi kam bo‘lib o‘ynayotgandek holat yuzaga keladi. So‘nggi ikki mundialda Skaloni jamoasi o‘zi hisobda oldinda borayotgan o‘yinlarning 7 tasida raqibga muvozanatni tiklash imkonini berib qo‘ygan ekan.

Foto: Getty Images

Bunga joriy Jahon chempionatidan ham yaqqol misollar topish mumkin. Masalan, Shveysariya bilan o‘yinda Argentina hisobni ochgach, to yevropaliklar hisobni tenglashtirmaguniga qadar tashabbusni raqibga berib qo‘ydi. O‘sha 50 daqiqalik davrda zarbalar ko‘rsatkichi ham shveysariyaliklar foydasiga 7:2 ni tashkil qildi. Hatto Kabo-Verde ham hisobda ortda qola boshlagach, to muvozanatni tiklagunicha ustunlikni o‘z tomoniga og‘dirib, o‘sha vaqt oralig‘ida zarbalar nisbatini 5:1 ko‘rinishiga keltirgan.

Yoki Angliya bilan o‘yinni eslaylik. Birinchi bo‘limda inglizlar munosib qarshilik ko‘rsatib, hujumkor o‘ynashga harakat qilganida, Messi maydonda deyarli ko‘rinmadi. Ikkinchi taymda Tuxel shogirdlari to‘liq himoyaga yotib, to‘p nazorati Argentina foydasiga (72% ga 28%) o‘zgargachgina, biz yana haqiqiy futbol qirolini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.

Shulardan kelib chiqib, tabiiy savol tug‘iladi: Ispaniyaning o‘yin uslubi Messiga qanchalik mos keladi? Ispaniya o‘yin boshida ham, mag‘lubiyatga uchrayotganda ham to‘pni faqat o‘z nazoratida ushlashga harakat qiladi. Hatto Fransiya bilan o‘yinda ham guvohi bo‘ldikki, ispanlar hisobda oldinga chiqib olgan taqdirda ham, to‘p nazorati orqali hisobni ushlab qolishga intiladi. Xulosa qilish mumkinki, agar Messining o‘yini Argentina faqat to‘pni o‘zida ushlab turgandagina ochiladi deb hisoblasak, Ispaniya bunday tizim uchun imkon qadar eng noqulay raqibdir.

Demak, Argentinaning finaldagi asosiy vazifasi — Ispaniyani o‘zi uchun noqulay bo‘lgan uslubda o‘ynashga majbur qilish va maydonda qandaydir tartibsizlik (xaos) yaratib, shundan foydalanib qolishdir. Ana shundagina imkoniyatlar tenglashishi, hatto Skaloni shogirdlarida ustunlik bo‘lishi ham mumkin.

BOSHQACHA YAMAL

Lamin Yamal haligacha Ispaniyaning asosiy yulduzi bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, ushbu mundialda unda so‘nggi Yevro—2024 dagi kabi individual yorqinlikni ko‘rmayapmiz. Avvaliga buni uning sport formasi pasaygani bilan bog‘ladik, biroq keyin ma’lum bo‘ldiki, hozirgi Ispaniya shunchaki kamroq tavakkal qiluvchi va ko‘proq aniq nazoratga tayanuvchi uslubga o‘tgan. Yamal endi maydonda o‘ziga istalgan ish ruxsat etilgan erkin yulduz emas, u shunchaki jamoaviy mexanizmning juda muhim bo‘lagi, xolos.

Bu esa Ispaniyaga ancha ko‘proq samara keltirmoqda. Yamal kabi futbolchilarga qarshi o‘ynash raqib uchun noqulay bo‘lishi bilan birga, ba’zida qo‘l ham kelardi — uning muvaffaqiyatsiz driblingi yoki xatoli paslaridan so‘ng to‘pni olib qo‘yib, u ochiq qoldirgan zonalar orqali tezkor qarshi hujumlar uyushtirish mumkin bo‘lar edi. Joriy turnirdagi intizomli Yamal esa raqiblarni mana shu qulaylikdan ham mahrum qilmoqda.

Foto: Getty Images

Uni hali ham eng xavfli futbolchi deb bilishadi: unga qarshi doim ko‘pchilik bo‘lib himoyalanishadi, uning qanotidagi himoyachi hujumga qo‘shilishga qo‘rqadi va kamida 2-3 nafar raqib e’tibori aynan unga qaratilgan bo‘ladi. Zero, hozir sipo o‘ynayotgan bo‘lsa-da, Yamalda o‘sha texnik “qurollar” hali ham saqlanib qolgan. U endi asosan aql bilan o‘ynash orqali sheriklariga bo‘sh hududlar ochib bermoqda hamda bir nechta himoyachilarni o‘ziga tortish hisobiga maydonning boshqa nuqtalarida bo‘shliqlar yaratmoqda.

Finalda ham ushbu xotirjamlikni saqlab qolish juda muhim. Finalchilar nomi aniq bo‘lganidan beri barcha OAV Yamal va Messining o‘zaro tarixi, bu to‘qnashuvdagi ramziy ma’nolar haqida tinimsiz yozib, e’tiborni shu ikki yulduzga qaratishga urinmoqda. Lekin hal qiluvchi o‘yinning o‘ziga xos ulkan bosimi ikkala futbolchining ham erkin harakatini cheklab qo‘yishi va voqealar rivojini butunlay boshqa futbolchilar hal qilib ketishi ham hech gap emas.

O‘ZARO O‘YINLAR

Ushbu terma jamoalar mundiallar tarixida atigi bir marta to‘qnash kelgan. 1966-yili Angliyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati guruh bosqichining dastlabki turida Argentina Ispaniya ustidan 2:1 hisobida zafar quchgan. Gollarga argentinalik Luis Artime (65 va 79-daqiqalarda) hamda ispaniyalik Pirri (71-daqiqa) mualliflik qilgan. Ispaniya o‘sha mag‘lubiyatdan so‘ng Shveysariyani yenggan bo‘lsa-da, keyinroq Germaniyaga (GFR) ham yutqazib, guruhda qolib ketgan. Argentina esa guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqib, chorak finalda mezbon Angliyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.

Keyinchalik bu jamoalar ikki marta o‘rtoqlik o‘yinlarida kuch sinashgan. JCH—2010 yakunlangach, uch oy o‘tib Argentina amaldagi chempionlarni 4:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, 2018-yilda Ispaniya bunga munosib javob qaytargan — 6:1. Aslida jamoalar joriy yilning mart oyida yana bir rasmiy o‘yinda yuzma-yuz kelishi kerak edi. Qatarda Yevro va Kopa Amerika g‘oliblari o‘rtasida “Finalissima” bahsi o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, biroq Qatardagi notinch vaziyat tufayli ushbu o‘yin bekor qilingan.

FINALGA YO‘L

Aynan joriy musobaqada bosib o‘tilgan yo‘lga baho beradigan bo‘lsak, finalga haqiqatan ham eng munosib juftlik yetib keldi deb bemalol aytishimiz mumkin. Ispaniya ushbu musobaqada eng ishonchli himoya chizig‘iga ega — de la Fuente shogirdlari turnir davomida o‘z darvozasidan atigi 1 ta gol o‘tkazib yuborishdi. Argentina esa hozircha joriy mundialning eng sermahsul jamoasi bo‘lib turibdi — jamoa hisobida jami 19 ta gol mavjud.

Finalgacha bosib o‘tilgan yo‘l borasida ispanlarning natijasi alohida e’tirofga loyiq. Jamoa pley-offdan boshlab faqatgina Yevropaning eng kuchli terma jamoalariga qarshi maydonga tushdi: Avstriya, Portugaliya, Belgiya va Fransiya. Bularning barchasi ancha jiddiy raqiblar hisoblanadi va ularga qarshi ispanlarning bir tekisda barqaror o‘yin ko‘rsata olgani muxlislarda ishonch uyg‘otadi.

Argentina esa aksincha, pley-offdagi deyarli har bir o‘yinda asab tolalarini sinab ko‘rdi: ikkita uchrashuvda g‘olib nomi qo‘shimcha bo‘limlarda aniqlangan bo‘lsa, yana ikkita o‘yinda argentinaliklar faqatgina 80-daqiqadan so‘ng kiritilgan gollar evaziga irodali g‘alabaga erishdi. Bu statistik farq bir tomondan Ispaniyani finalning so‘zsiz favoriti kabi ko‘rsatsa-da, boshqa tomondan Argentinaga o‘ziga xos ruhiy ustunlik ham beradi. Ya’ni, Messi va uning sheriklari aynan shu turnir davomida bir necha bor o‘ta qiyin vaziyatlarga tushishdi va ulardan munosib tarzda qutulib qola olishdi. Ruhiyat nuqtai nazaridan bu muhim faktor — finalda yana shunday murakkab holat takrorlanganda ularning tajribasi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi asqotadi. Ispaniya esa bu mundialda hozirgacha bunday inqirozli vaziyatga ro‘baro‘ kelmadi. O‘z-o‘zidan, ortiqcha bosim ostida bu yosh jamoa o‘zini qanday tutishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

TARKIBLAR

Tarkiblar tanlovi borasida Ispaniya ancha barqaror yondashmoqda va mutaxassislarni qiziqtirayotgan yagona savol bor: markazda Rodriga sherik sifatida yana Fabian Ruisga ishonch bildiriladimi yoki bu safar Pedri tushiriladimi? So‘nggi o‘yinlarda Ruis ishonchliroq harakat qilmoqda, biroq Argentinaning agressiv pressingiga qarshi Pedrining to‘p bilan yaxshi muomala qilishi ko‘proq qo‘l kelishi ham mumkin.

Shu bilan birga, agar Argentina ispanlar markaziga qarshi son jihatidan ustunlik yaratmoqchi bo‘lsa, asosiy tarkibga yana Rodrigo de Paulni qaytarishi ehtimoli yuqori. Mabodo jamoa tezkor qarshi hujumlarga ko‘proq tayansa, qanotda Juliano Simeoneni ko‘rishimiz tayin.

Taxminiy tarkiblar:

  • Ispaniya (4-2-3-1): Unai Simon — Pedro Porro, Pau Kubarsi, Emerik Lyaport, Mark Kukurelya — Rodri, Fabian Ruis — Lamin Yamal, Dani Olmo, Aleks Baena — Mikel Oyarsabal.
  • Argentina (4-4-2): Emiliano Martines — Nauel Molina, Kristian Romero, Lisandro Martines, Nikolas Talyafiko — Leandro Paredes, Aleksis Mak Allister, Entso Fernandes, Rodrigo de Paul — Lionel Messi, Xulian Alvares.

HAKAM

Finalni boshqarish sloveniyalik 46 yoshli tajribali hakam Slavko Vinichga ishonib topshirildi. Maydonda unga qanotlarda hamyurtlari Tomaj Klanchik va Andraj Kovachich yordam berishadi.

Vinich argentinaliklar uchun begona emas — Skaloni jamoasining mundiallardagi so‘nggi mag‘lubiyati, ya’ni Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuv aynan u tomonidan boshqarilgan edi. Shuningdek, guruh bosqichidagi Meksika – Ekvador o‘yinida o‘z e’tirozini og‘zini qo‘li bilan to‘sib bildirgani uchun Inkapiega qizil kartochka ko‘rsatgan ham aynan shu hakam edi.

Foto: Getty Images

Argentinaliklardan farqli o‘laroq, ispanlar Vinichni ancha iliq xotiralar bilan yodga olishadi. Yevro—2024 yarim finalida Fransiya terma jamoasi ustidan qozonilgan g‘alabali o‘yinni aynan sloveniyalik ushbu hakam boshqargandi. Qolaversa, Vinich faoliyati davomida ikkita yirik yevrokubok finalida ishlashga ham ulgurgan: 2022-yilda “Ayntraxt” va “Reynjers” o‘rtasidagi Yevropa ligasi finalida, shuningdek, 2024-yilda “Real” hamda “Borussiya” o‘rtasidagi Chempionlar ligasi hal qiluvchi bahsida.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar