Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi turli maktablarda iyul oyining dastlabki o‘n kunligida maktab o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilari ochiq havodagi tadbirlarga jalb qilindi.
Bolalar ombudsmani jazirama ob-havo sharoitida maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida bolalar salomatligini himoya qilish yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Bunday holatlar bolalar salomatligiga zarar yetkazishi va belgilangan standartlarga zid ekanini ta’kidlanib, jazirama paytida bolalarni ochiq havodagi tadbirlarga jalb etishni cheklashga chaqirildi.
Shuningdek, yuqori harorat va to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari ostida bolalarning bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi hamda bunday holatlarning kelgusida oldini olish qat’iy ta’minlanishi zarurligi qayd etildi.
Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda anomal issiq kunlarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari ochiq maydonda o‘tkazilgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi. Boshqarma ma’lum qilishicha, tarqalgan foto va videolar joriy kunlarda emas, 8-iyul kuni Dehqonobod tumanida o‘tkazilgan tadbirda olingan.
Rasmiylarga ko‘ra, hozir barcha hududiy bo‘limlarga anomal issiq kunlarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini imkon qadar salqin va yopiq joylarda tashkil etish, o‘quvchilar salomatligi va xavfsizligini ustuvor vazifa sifatida ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, boshqarma ayrim ijtimoiy tarmoq sahifalarini holatni rasmiy manbalardan aniqlashtirmasdan e’lon qilganini tanqid qildi.








