Argentina milliy jamoasi sardori Lionel Messi JCH-2026 chorak finali doirasidagi Shveysariyaga qarshi uchrashuv vaqtida portugaliyalik hakam Joau Pinyeyru bilan tortishib qoldi va undan o‘zaro muloqotda hurmat saqlash kerakligini talab qildi.
Voqea Shveysariya jarima zarbasini amalga oshirishga tayyorlanayotgan vaziyatda yuz bergan. Himoya devorida turgan Messi hakamning o‘yinchilarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘layotganini sezib, unga qat’iy ogohlantirish berdi. Efir tasvirlaridan o‘qilgan gaplarga ko‘ra, sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi hakamga quyidagicha murojaat qilgan:
“Men bilan tuzukroq gaplash. Menga nisbatan hurmatsizlik qilma. Men bilan hurmatni saqlab gaplash, axir men senga hurmat bilan murojaat qilyapman-ku”.
Ma’lumot o‘rnida, futbol bo‘yicha Argentina milliy jamoasi JCH-2026 chorak finalida Shveysariya ustidan g‘alaba qozonib, musobaqaning yarimfinaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Endi amaldagi jahon chempionlari final yo‘llanmasi uchun Angliyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuv 15-iyuldan 16-iyulga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.








