Bangladeshda 21-noyabr kuni 5,7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida kamida olti kishi halok bo‘ldi, qariyb 100 kishi jarohatlandi. Bu haqda hukumat ma’lumotlariga tayanib, Reuters xabar berdi.
AQSH Geologiya xizmati yer silkinishini 5,5 magnitudada baholamoqda. Zilzila oqibatida Dakka shahri va boshqa hududlardagi binolar zarar ko‘rdi. Yer silkinishi Bangladesh bilan chegaradosh Hindiston shtatlarida ham sezildi. Bangladesh muvaqqat hukumati rahbari Muhammad Yunusning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar orasida Dakka universiteti talabalari, Gazipur shahridagi zavod ishchilari va zilzila epitsentri bo‘lgan Narsingdi aholisi ham bor.
Politsiya zilzila paytida olti qavatli binoning panjarasi qulab tushib, uch kishi halok bo‘lganini aytdi. Yana uch kishi tom va devor bosib qolishi oqibatida vafot etgani aytilmoqda. Sog‘liqni saqlash maslahatchisi Nurjahon Begum bir nechta jabrlanuvchining ahvoli og‘ir ekanini bildirgan.
Hukumat tegishli idoralarga jabrlangan hududlarda qutqaruv ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq bergan.“Biz kuchli silkinishni his qildik, binolar daraxtdek tebranardi. Odamlar zinadan pastga yugurib tushayotganida tirbandlik kuzatildi. Hamma vahimaga tushdi, bolalar yig‘lardi”, dedi shaharda istiqomat qiluvchi Suman Rahmon.








