Daryo

Venesuelada zilzila qurbonlari soni 900 dan oshdi. Yana bir yer silkinishi qayd etildi

Tabbiy ofatdan so‘ng eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarda og‘ir texnika yetishmayapti, odamlar vayronalarni qo‘li bilan kovlashga majbur bo‘lmoqda. Ayrim shaharlarda oziq-ovqat do‘konlarini talon-toroj qilindi.

3 daqiqa o‘qish6 753 ko‘rishlar0 izoh2

Venesuelada 24-iyun kuni sodir bo‘lgan ikkita kuchli zilziladan so‘ng halok bo‘lganlar soni 920 nafarga yetdi. Tabiiy ofatdan ikki kun o‘tib, hududga xorijiy qutqaruvchilar va gumanitar yordamlar endigina yetib kela boshladi. Hozirda mahalliy aholi va qutqaruv guruhlari tirik qolganlarni qidirmoqda.

Hukumatning ma’lum qilishicha, 172 kishi vayronalar ostida qolmoqda, 3360 kishi esa jarohatlangan. 50 mingdan ortiq odam bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. 26-iyun kuni tushdan keyin poytaxt Karakas va unga yaqin Marakay shahrida 4,9 balli yana bir kuchsizroq yer silkinishi qayd etildi.

BMT hisobotiga ko‘ra, 7,2 va 7,5 balli ikkita zilzila keltirgan to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar miqdori 6,7 milliard dollarni tashkil etmoqda. Ikkinchi yer silkinishi Venesuelada so‘nggi bir asrdan ko‘proq vaqt ichida sodir bo‘lgan eng kuchli zilzila bo‘ldi.

La Guaira shtatidagi og‘ir vaziyat

Eng ko‘p zarar ko‘rgan La Guaira shtatida yordam ishlari sekin ketayotgani aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bu yerda og‘ir texnika yetishmaydi, rasmiylar ham kam ko‘zga tashlanmoqda. Shu sababli aholi va ko‘ngillilar vayronalarni qo‘li bilan kovlamoqda.

25 yoshli Jennifer Palasiosning aytishicha, La Guaira shahridagi 8 ta korpusdan iborat Ugo Chaves turar joy majmuasi vayronalari ostida uning 6 yoshli o‘g‘li va yana besh nafar qarindoshi qolib ketgan.

“Odamlarni vayronalar ostidan tiriklayin olib chiqishni faqat mahalliy aholi uddalayapti. Bizga plitalarni ko‘tarish uchun kranlar kerak. U yerda hali ham odamlar bor”, deydi u.

Zilzila oqibatlari muvaqqat prezident Delsi Rodriges uchun siyosiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. U ilgari hokimiyatdan ag‘darilgan Nikolas Maduroning vitse-prezidenti bo‘lgan. Hozir esa u o‘zini siyosiy o‘zgarishlar yetakchisi sifatida ko‘rsatishga urinmoqda.

Yo‘llar yopildi va do‘konlar talandi

La Guaira shtatidagi magistral yo‘llar yorilib ketgan. O‘nlab binolar beton va metall uyumiga aylangan. Qutqaruvchilar adashib ketmasligi uchun ba’zi vayronalar ustiga binolarning nomlari bo‘yoq bilan yozib qo‘yilgan. Ko‘ngillilar Karakas va Valensiyadan motosikllarda yordam yuklarini tashimoqda.

Prezident Rodriges dastlab ko‘ngillilarga rahmat aytdi. Biroq keyinchalik rasmiylar odamlardan La Guaira shahriga kelmay turishni so‘radi. Sababi, tirband yo‘llar qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda. Mahalliy vaqt bilan soat 20:00 dan boshlab yo‘llar faqat rasmiy va ro‘yxatdan o‘tgan qutqaruv guruhlari uchun ochiq bo‘lishi e’lon qilindi.

La Guairaning Katia-la-Mar shaharchasida odamlar shikastlangan do‘kondan hojatxona qog‘ozi, o‘simlik yog‘i va non kabi mahsulotlarni olib chiqib ketgan. Polisiya va milliy gvardiya xodimlari ushbu talonchilikka aralashmagan. Rodriges keng ko‘lamli yordam ko‘rsatilishini va’da qildi. Venesuela neft vaziri Paula Enaoning aytishicha, zilzila neft qazib olishga ta’sir qilmagan va yonilg‘i yetkazib berish kafolatlanadi.

Dunyo hamjamiyati yordamga kelmoqda

25-26-iyun kunlari Venesuelaga xorijiy qutqaruv guruhlari yetib kela boshladi. Ular orasida Venesuela bilan munosabatlari yomon bo‘lgan davlatlar ham bor. Rodriges AQSH prezidenti Donald Tramp va davlat kotibi Marko Rubio bilan telefon orqali gaplashdi. Shuningdek, u AQSH harbiylarining Shimoliy qo‘mondonligi va ofat bo‘yicha ekspertlar bilan uchrashdi.

AQSH 150 million dollar yordam ajratishini va sanksiyalarni yumshatishini bildirdi. Amerika harbiylari ikkita kema jo‘natdi. Shuningdek, vertolyot va samolyotlar ham qutqaruv ishlariga yordam beradi.

Los Korales sohili yaqinida Salvadorning 50 kishilik qutqaruv guruhi dronlar, issiqlik skanerlari va itlar yordamida 10 qavatli uchta binoning vayronalarini ko‘zdan kechirmoqda. Salvador prezidenti Nayib Bukele X tarmog‘ida video ulashdi. U to‘qqizinchi qavatda 15 yoshli qiz o‘z uy hayvoni bilan qolib ketganini va ularni qutqarish ishlari ketayotganini ma’lum qildi.

AQSH Geologiya xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, qurbonlar soni 10 mingdan oshishi mumkin. Bu holat ofatni Lotin Amerikasidagi so‘nggi asrning eng mudhish zilzilalaridan biriga aylantiradi. BMTning Migratsiya agentligi esa tabiiy ofat deyarli 7 million kishiga ta’sir qilishi mumkinligini aytib, favqulodda boshpanalar va zarur buyumlarni yetkazib bermoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar