Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyaga arizalar qabul qilish boshlanmoqda, deb xabar berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Prezidentning 21-fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida arizalar qabul qilish 2-oktyabr kuni soat 09:00 da boshlanadi.
Fuqarolar subsidiya olish uchun arizalarni quyidagi tartibda topshirishi mumkin:
- Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilish orqali;
- my.gov.uz portali orqali;
- MyGov mobil ilovasi orqali.
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar asosida kamida 30 ball to‘plagan bo‘lishi lozim. Ariza beruvchi va uning yaqin qarindoshlari (arizada ko‘rsatilgan hollarda) o‘rtacha daromad miqdori quyidagi chegaralarda bo‘lishi shart:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (MHTEKM) 2,7 baravaridan (3 431 700 so‘m) 8 baravarigacha (10 168 000 so‘m);
- Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravaridan (3 431 700 so‘m) 9,2 baravarigacha (11 693 200 so‘m).
Shuningdek, ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida respublika hududida turar joy mulki mavjud bo‘lmasligi kerak.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim shaxslar esa belgilangan ijtimoiy mezonlar asosida baholanadi.
O‘zbekistonda turar joyi nochor ahvoldagi oilalarga o‘z hovlisida uy qurish va taʼmirlashga 120 million so‘mgacha ipoteka krediti ajratiladi. Yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash maqsadlari uchun asosiy stavkadan 4 foiz bandga yuqori stavkada 120 million so‘mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga ipoteka kreditlari ajratiladi. Ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya to‘lab beriladi.








