Daryo

O‘zbekistonda endi ayrim hududlarda dorilar faqat elektron retsept asosida sotiladi

Dori vositalarining nomi, kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi elektron retseptga bevosita shifokor tomonidan kiritiladi.

1 daqiqa o‘qish10 232 ko‘rishlar0 izoh1

O‘zbekistonda dori-darmonlarni elektron resept asosida berish tartibi joriy etildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 12-dekabrdan kuchga kirgan qarorida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharlardagi (jadvalda ko‘rsatilgan) barcha tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini bemorlarga tayinlashda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi boʻyicha (agar mavjud boʻlsa) elektron retsept rasmiylashtiriladi.

Bemorlarga tayinlangan dori vositalari toʻgʻrisidagi maʼlumot (xalqaro patentlanmagan yoki original dori nomi, kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi) elektron retseptga bevosita shifokor tomonidan kiritiladi hamda elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlanadi.

Elektron retseptda bir yoki bir nechta tashxis asosida 5 tagacha dori koʻrsatilishi mumkin. Agar elektron retseptda 5 tadan ortiq  belgilanishi lozim boʻlsa, shifokor tomonidan qolganlari amaldagi tashxis qoʻyish va davolash standartlariga muvofiq qoʻshimcha asoslantiriladi.

Hujjatda belgilanishicha, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharlarda, 2026-yil yakuniga qadar esa respublikaning barcha hududlaridagi dorixonalar “Elektron retsept” moduli bilan belgilangan maʼlumotlarni real vaqt rejimida almashilishini taʼminlashi shart.

Sogʻliqni saqlash vazirligi 2027-yil 1-yanvarga qadar retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash natijalaridan kelib chiqib, alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni saqlovchi dori vositalarini ham elektron retsept asosida berish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekistonda dorixonalar tomonidan retsept asosida beriladigan dori vositasini retseptsiz berganlik uchun qonunchilikda dorixona xodimiga nisbatan javobgarlik belgilangan. Resept bo‘yicha beriladigan dorilar ro‘yxati Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi saytida keltirilgan.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar