Daryo

AQSH Eron muzokarachilarini Isroilning ehtimoliy suiqasdidan ogohlantirgan — NYT

Islomoboddagi muzokaralarda eronlik amaldorlar bo‘lgan samolyotni Pokiston qiruvchilari qo‘riqlagan. Ammo qaytishda Isroilning hujum xavfi tufayli samolyot majburiy qo‘ndirilgan.

2 daqiqa o‘qish10 733 ko‘rishlar0 izoh11

AQSH Eron bilan muzokaralar olib borilayotgan vaqtda Isroil eronlik muzokarachilarga suiqasd uyushtirishi mumkinligidan xavotirlangan. Bu haqda manbalarga tayanib The New York Times xabar berdi.

Muzokaralarda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va parlament spikeri Muhammad G‘olibaf ishtirok etayotgan bo‘lgan. Eron yetakchilarini yo‘q qilish urush boshlanganidan beri Tel Aviv strategiyasining bir qismi bo‘lib kelgan. Biroq AQSH rasmiylarining xavotirlari aynan muzokaralar jarayonida kuchaygan. Shu sababli Vashington xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida Tehronni ehtimoliy suiqasd haqida ogohlantirgan.

“Amerika rasmiylari Isroilning Abbos Aroqchi yoki Muhammad G‘olibafni o‘ldirishga bo‘lgan har qanday urinishi tinchlik muzokaralarini barbod qilishidan xavotirlangan”, deydi manba.

Aroqchi va G‘olibaf AQSH bilan o‘t ochishni to‘xtatish hamda tinchlik bitimini tuzish bo‘yicha muzokaralarni olib borayotgan asosiy shaxslar edi. Aprel oyida G‘olibaf AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan uchrashishi kerak edi. Ammo Eron rasmiylari ehtimoliy suiqasddan xavotirlanib, vositachilar orqali AQSHdan Isroilning har qanday operatsiyalardan voz kechishi bo‘yicha kafolatlar talab qilgan.

Yakunda uchrashuvga borishda Eron samolyotlariga Pokiston qiruvchi samolyotlari hamrohlik qilgan. Ortga qaytish yo‘lida Isroil hujumi xavfi yuzaga kelgani sababli samolyot majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. Shundan so‘ng delegatsiya yo‘lini quruqlik orqali davom ettirgan.

Ma’lumot o‘rnida, Isroil fevral oyida urush boshlangach, qisman AQSH razvedkasining ma’lumoti asosida Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy va boshqa yuqori martabali amaldorlarni o‘ldirdi. 

Urushni tugatish yo‘lidagi harakatlar

AQSH va Eron prezidentlari 18-iyunga o‘tar kechasi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjatda harbiy harakatlarni to‘xtatish, 60 kun ichida yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borish, Amerika cheklovlarini bosqichma-bosqich bekor qilish, Hormuz bo‘g‘ozini blokdan chiqarish va Eron yadroviy dasturini muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Shundan so‘ng 27 va 28-iyun kunlari ketma-ket ikki kecha davomida AQSH Erondagi obyektlarga zarbalar berdi. AQSH bu hujumlarni Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi tijorat kemalariga qarshi tajovuziga javob deb atadi. Tehron buning ortidan AQSHning Kuvayt va Bahrayndagi harbiy bazalarini nishonga oldi. Eron Tashqi ishlar vazirligi Vashington memorandumning barcha frontlarda janglarni to‘xtatish to‘g‘risidagi birinchi bandni, shuningdek, BMT Nizomini buzganini aytdi.

Iyun oyi oxirida AQSH va Eron hujumlarni to‘xtatish, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi nizoni hal qilish uchun 30-iyun kuni Dohada uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi. Mamlakatlar o‘rtasidagi bilvosita muzokaralarning navbatdagi bosqichi 18-iyul kuni boshlanadi. Uchrashuv joyi hozircha noma’lum.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar