AQSH va Isroil Eronni Meksikadagi isroillik elchiga suiqasd uyushtirishni rejalashtirishda aybladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Mazkur ayblov fors va yahudiy davlatlari o‘rtasidagi ziddiyat boshqa mintaqalarga ham yoyilayotganidan darak bermoqda. Isroilning ma’lum qilishicha, Meksika xavfsizlik kuchlari elchi Eynat Kranz-Naygerga uyushtirilayotgan suiqasdni oldini olgan.
“Eron tomonidan boshqarilgan terror tarmog‘ini fosh etgan Meksika xavfsizlik xizmatlariga minnatdorchilik bildiramiz”, deyiladi Isroil tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
AQSH rasmiysining aytishicha, bu fitna 2024-yil oxirida Eron inqilobiy gvardiyasi tarkibidagi “Quds” kuchlari tomonidan rejalashtirilgan va bu yilning boshida fosh etilgan. Unga ko‘ra, reja Venesueladagi Eron elchixonasi orqali odam yollashni ham o‘z ichiga olgan. Rasmiy shuningdek, fitna to‘liq to‘xtatilganini va hozircha xavf yo‘qligini aytmoqda.
“Bu Eronning dunyo bo‘ylab diplomatlar, jurnalistlar va muxoliflarga qarshi qaratilgan uzoq yillik tajovuz siyosatining yana bir namunasi”, degan u anonim tarzda.
Eron tomoni holat haqida izoh bermagan, Meksika hukumati ham hozircha bayonot chiqarmayapti. Mazkur suiqasd rejasi Isroilning 2024-yil 1-aprel kuni Suriya poytaxti Damashqdagi Eron elchixonasiga uyushtirgan hujumiga javoban amalga oshirilgan. O‘shanda Eron inqilobiy gvardiyasining bir necha yuqori martabali zobitlari halok bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Eron Isroilga qarshi raketa va dron hujumlari uyushtirgan.
Oradan bir yil o‘tib, 2025-yilning yoz oylarida Isroil Eron hududida yirik bombardimonlar amalga oshirib, mingdan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. AQSH esa bu harbiy operatsiyaga aralashib, Eronning yadroviy obyektlariga zarba bergan.
Eron hukumati G‘azodagi HAMAS harakatini qo‘llab-quvvatlab keladi. HAMAS 2023-yil 7-oktyabr kuni Isroilga hujum qilganidan so‘ng, Isroil G‘azoda keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlagan va mintaqadagi Eron, Suriya, Livan, Qatar hamda Yaman hududlarini ham nishonga olgan.
Isroil razvedkasi “Quds” kuchlarini xorijdagi yahudiy va isroilliklarga qarshi suiqasdlar rejalashtirganlikda ayblagan. Shu yil davomida Avstraliya ham Eron elchisini mamlakatdan chiqarib yuborgandi — bunga Melburndagi ibodatxona va Sidneyda yahudiy restoraniga uyushtirilgan hujumlar sabab bo‘lgan.
Lotin Amerikasi bu kabi voqealardan yiroq emas: 1994-yilda Buenos-Ayresdagi yahudiy markazida portlash sodir bo‘lib, 85 kishi halok bo‘lgan. Argentina va Isroil bu hujumni Eron topshirig‘i bilan “Hizbulloh” guruhi amalga oshirganini bildirgan.








