Daryo

Isroil Pokiston iltimosiga ko‘ra Eron TIV rahbari va parlament spikerini “o‘lim ro‘yxati”dan chiqardi

Islomobod tomoni AQSHni agar Tehronning siyosiy rahbariyati yo‘q qilinsa, kelgusida tinchlik muzokaralarini olib borish uchun muloqot butunlay yopilishi haqida ogohlantirdi.

2 daqiqa o‘qish21 171 ko‘rishlar0 izoh17

Isroil Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va parlament spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibafni o‘ldirish ro‘yxatidan vaqtincha chiqardi. Bu qaror Pokistonning AQSHga qilgan maxsus so‘rovidan so‘ng qabul qilingan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Reuters agentligiga ma’lumot bergan pokistonlik manbaning so‘zlariga ko‘ra, Isroil harbiylari Eronning ushbu ikki yuqori martabali mulozimining koordinatalariga ega bo‘lgan va ularga zarba berishni rejalashtirgan.

“Biz AQSHga agar bu shaxslar ham yo‘q qilinsa, muzokara o‘tkazish uchun hech kim qolmasligini aytdik. Shundan so‘ng Vashington Isroildan ortga chekinishni so‘radi”, dedi manba.

The Wall Street Journal nashri ham AQSH rasmiylariga tayanib, Aroqchi va G‘olibaf tinchlik muzokaralari o‘rganilayotgani sababli to‘rt-besh kunga ro‘yxatdan chiqarilganini yozdi. Biroq nashr bu jarayonda Pokistonning rolini tilga olmadi. Pokiston mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari hozircha bu bo‘yicha rasmiy izoh bermadi.

Ayni vaqtda Tehron va Vashington o‘rtasidagi urushni to‘xtatish uchun Pokiston, Misr va Turkiya vositachilik qilmoqda. Ayniqsa, Islomobod ko‘plab davlatlar uchun aloqa kanallari muzlab qolgan bir paytda, har ikki poytaxt bilan bevosita muloqotni saqlab turibdi. Kelajakda tinchlik muzokaralari o‘tkazilsa, Pokiston mezbonlik qilishi kutilayotgan asosiy manzil sifatida ko‘rilmoqda.

Trampning 15 banddan iborat rejasi: Eron nima deydi?

Eron hozirda Donald Tramp tomonidan Pokiston orqali yuborilgan 15 banddan iborat tinchlik taklifini ko‘rib chiqmoqda. Isroil kabinetidagi manbalarga ko‘ra, ushbu rejada quyidagi talablar mavjud:

  • Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini yo‘q qilish;
  • uranni boyitishni to‘xtatish;
  • ballistik raketa dasturini jilovlash;
  • mintaqaviy ittifoqchilarni moliyalashtirishni to‘xtatish.

Tramp Eron kelishuvga erishish uchun chorasiz ahvolda ekanini aytmoqda. Abbos Aroqchi esa taklif ko‘rib chiqilayotganini tasdiqlasa-da, hozircha urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish niyati yo‘qligini bildirdi.

Salkam to‘rt haftadan beri davom etayotgan harbiy harakatlar tufayli dunyo bo‘ylab yonilg‘i taqchilligi yuzaga kelib, kompaniyalar va davlatlar iqtisodiy inqiroz oqibatlarini yumshatishga urinmoqda. Eron tomoni har qanday o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga Livanni ham kiritishni, ya’ni Isroilning “Hizbulloh”ga qarshi hujumlarini ham to‘xtatishni talab qilmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar