Daryo

Eron AQSHning Kuvayt va Bahrayndagi bazalariga javob zarbalari yoʻlladi

Qoʻshma operatsiyada raketa hamda dronlardan foydalanildi. Har ikki davlat ham bir-birini otashkesim shartlarini buzganlikda ayblamoqda.

1 daqiqa o‘qish17 649 ko‘rishlar0 izoh26

Eron 28-iyun kuni AQSHning aviazarbalariga javoban Kuvayt va Bahraynga hujumlar uyushtirdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIQK) qoʻshma operatsiyalarda raketa hamda dronlardan foydalangan. Zarbalar Kuvayt va Bahrayndagi AQSH harbiy bazalariga qaratilgan. Mahalliy Tasnim agentligi buni “hal qiluvchi operatsiya” deb atamoqda.

“Eron IIQK Kuvaytdagi ‘Ali as-Salomʼ aviabazasi va Bahraynning Salmon portida joylashgan Beshinchi flot harbiy-dengiz bazasiga zarba berib, ularni yakson qilganini hamda shu tariqa AQSHning Eron janubiga yaqinda uyushtirgan zarbalariga qat’iy javob qaytarganini ma’lum qildi”, deyiladi Press TV telekanali xabarida.

Mazkur operatsiyalardan bir necha soat oldin AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eronga yangi zarbalar berganini eʼlon qilgandi. Jumladan, harbiy razvedka infratuzilmasi obyektlari, aloqa tizimlari, havo mudofaasi pozitsiyalari, dron saqlash omborlari hamda dengiz minalarini o‘rnatishga mo‘ljallangan vositalar hujumga uchragan.

Amerika tomoniga ko‘ra, ushbu zarbalar Hormuz bo‘g‘ozi yaqinida suzayotgan tijorat tankeriga qilingan hujumga javob bo‘lgan. AQSH “qat’iy javob sifatida” Eronga zarbalar yoʻllagan. Singapur bayrog‘i ostidagi yuk kemasi Eron hujumi paytida Ummon qirg‘oqlari bo‘ylab bo‘g‘ozdan chiqib ketayotgan edi. Hozirda har ikki davlat ham bir-birini o‘tgan haftada kelishilgan otashkesim shartlarini buzganlikda ayblamoqda.

IIQK Hormuz boʻgʻozidagi kemalar qatnovi tartib-qoidalari “Islomobod memorandumi”ga muvofiq Eron bilan kelishilgan holda amalga oshirilishini taʼkidladi. Bunga amal qilmagan “tartibbuzar kemalar” esa “ilgariga qaraganda ancha qatʼiy choralar”ga duch kelishidan ogohlantirdi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar