Joriy 2026-yilning dastlabki 6 oyi davomida Davlat ijtimoiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan 66 mingdan ortiq ayolga homiladorlik va tug‘ish (dekret) nafaqalari ajratildi. Bu haqda Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi rahbari Nodir Musliddinov O‘zbekiston ish beruvchilar konfederatsiyasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan ochiq muloqot davomida e’lon qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu maqsadlar uchun jami 772 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Nafaqalarning taqsimlanishi quyidagicha ko‘rinish oldi:
- davlat sektori: 55 ming nafar ayolga (umumiy ulushning 83 foizi).
- xususiy sektor: 11 ming nafar ayolga (umumiy ulushning 17 foizi).
Xususiy sektorda ishlovchi ayollar uchun ajratilgan to‘lovlar miqdori 163 milliard so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda, xususiy sektorda dekret pulini olganlar soni 6 ming nafardan 11 ming nafarga yetib, qariyb ikki baravar o‘sish kuzatilgan.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 1-yanvardan xususiy sektorda ishlovchi ayollar uchun dekret pullarini hisoblashning yangi tartibi kuchga kirdi. Endilikda ular ham davlat xodimlari kabi oxirgi bir yildagi o‘rtacha oylik ish haqining to‘rt baravarini olish imkoniyatiga ega bo‘ldi, barcha to‘lovlar esa Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan qoplanmoqda. 1-iyuldan boshlab esa xususiy va davlat sektoridagi xodimlar uchun vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqalari ham aynan shu jamg‘arma orqali bir xil tartibda to‘lana boshladi.








