Oʻzbekistonda 2026-yil 1-yanvardan dekret puli xususiy sektorda ham davlat korxonalaridagi kabi ish haqiga bogʻlab toʻlanmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi departament direktori Sherzod Muhamedov maʼlum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Toshkent shahrida 29-yanvar kuni oʻtgan ochiq muloqotda Sherzod Muhamedov xususiy sektorda homiladorlik va tugʻish nafaqalari toʻlash tartibi oʻzgarganini aytdi.
“Xususiy sektorda ishlovchi ayollar uchun avval ham davlat byudjetidan homiladorlik va tugʻish nafaqasi toʻlanardi. Lekin toʻlov miqdori aniq belgilangan boʻlib, 2 million soʻmni tashkil etgan. Davlat tashkilotlarida esa xodimning oxirgi bir yillik ish haqidan oʻrtacha bir oylik miqdori aniqlanib, oʻshaning toʻrt baravari toʻlab kelinadi. 2026-yil 1-yanvardan xususiy sektorda ishlovchi ayollar nafaqalari ham davlat tashkilotlaridagi kabi hisoblanadi. Ular ham endi soʻnggi bir yilda olgan ish haqidan aniqlangan oʻrtacha bir oylik mablagʻning toʻrt baravarini oladi. Bu xususiy sektorda ishlovchi ayollarga oʻz ish haqiga mos nafaqani koʻproq olish imkoniyatini yaratadi”, dedi vazirlik vakili.
2026-yil 1-yanvarda tuzilgan Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi xususiy va davlat korxonalarida ishlaydigan ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqalarini toʻlab boradi.
Shu bilan birga, joriy yil 1-iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi ham toʻlay boshlanadi. Toʻlovlar xususiy va davlat korxonalari bo‘limlariga bir xil tartibda, jamgʻarma orqali amalga oshiriladi.
Maʼlumotlarga koʻra, hozirda davlat tashkilotlarida 1,4 million, xususiy sektorda 1,8 million nafar ayol rasmiy band hisoblanadi. 2025-yilda xususiy korxonalarda faoliyat yurituvchi ayollardan dekret nafaqasini olganlar ulushi 24 foizni tashkil etgan. Qolgan 76 foizi turli sabablar bilan pul olmagan. Masalan, tadbirkor xodimning dekret nafaqasi yaqinlashganda nafaqa puli bermaslik uchun ishdan boʻshatgan. Yangi tartib kuchga kirguniga qadar ish beruvchiga yuklama yuqori edi. Qonunga asosan, oʻrtacha 5 million soʻm oylik oladigan, 5 yillik ish stajiga ega ayol xodimga 20 million 800 ming soʻm dekret nafaqasi toʻlanadi. Shundan davlat hisobidan 2,7 million soʻmi qoplab beriladi. Qolgan 18,1 million soʻmini ish beruvchi toʻlab berishi kerak.
2026-yilda Oʻzbekistonda homiladorlik va tugʻish nafaqasiga davlat byudjetidan 2,5 trillion soʻm ajratilishi belgilangan. Taqqoslash uchun, mazkur turdagi nafaqa uchun 2025-yilda davlat tashkilotlaridagi ayollarga 1 trillion soʻm, xususiy sektordagilarga 40 milliard soʻm toʻlanishi qayd etilgan.
Joriy yilda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi uchun byudjetdan 864,4 milliard soʻm ajratiladi. Oʻtgan yilgi byudjet qonunida bunday toʻlovlar koʻzda tutilmagandi.








