AQSHning Kaliforniya shtatidagi Shasta cho‘qqisiga ko‘tarilayotgan 31 yoshli ayol qariyb 450 metr balandlikdan pastga qulab tushdi. U turli jarohatlar olgan bo‘lsa-da, omon qoldi. Bu haqda AQSH O‘rmon xo‘jaligi xizmatiga tayanib CBS News xabar berdi.
Hukumat vakillari hozircha ayolning shaxsini ochiqlamadi. Ma’lum bo‘lishicha, u uch kishidan iborat yangi alpinistlar guruhi tarkibida bo‘lgan. Ayol taxminan 4000 metr balandlikka chiqqanida yiqilib tushgan. Shasta cho‘qqisi aslida vulqon tog‘i bo‘lib, Kaskad tog‘laridagi ikkinchi eng baland cho‘qqi hisoblanadi.
Qulash oqibatida ayolning to‘pig‘i singani va boshqa og‘ir jarohatlar olgani taxmin qilinmoqda. Shunga qaramay, qutqaruvchilar uni topishganda u hushida va yaxshi kayfiyatda bo‘lgan.
Qutqaruv ishlari qanday kechdi?
Ayolni qidirish va qutqarish ishlari 28-iyun kuni tushki soat 12:00 larda boshlandi. Unda o‘rmon xizmatining uch nafar qutqaruvchisi va Kaliforniya yo‘l patruli xodimlari qatnashdi. Tog‘ni bulut qoplagani sababli vertolyot yordamida qidiruv o‘tkazish qiyinlashdi. Shu sababli qutqaruvchilardan biri ayolning yoniga piyoda ko‘tarilishga majbur bo‘ldi.
Jabrlanuvchining sheriklaridan biri va yordam berish uchun to‘xtagan to‘rtinchi alpinist qutqaruv uskunalarini tashishda yordam berdi. Kechki soat 17:30 larda yo‘l patruli xodimlari ayolni cho‘qqidan xavfsiz olib tushdi. Shundan so‘ng u Merfi tibbiyot markaziga yetkazildi.
Mutaxassislar ogohlantiradi
O‘rmon xizmati bu hodisa barcha uchun muhim eslatma bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Tashkilot vakillarining aytishicha, Shasta cho‘qqisi oddiy sayr joyi emas, balki yuqori balandlikdagi professional alpinizm hududidir. Bu yerda hatto tajribali sportchilar ham keskin o‘zgaruvchan ob-havo, tik muzliklar va tosh ko‘chishiga duch kelishi mumkin. Mutaxassislar toqqa chiqishdan oldin har bir kishini o‘z jismoniy holati va tajribasiga to‘g‘ri baho berishga chaqirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayol va uning guruhi toqqa Avlanche Gulch deb nomlangan yo‘nalish orqali ko‘tarilayotgan edi. Mahalliy ko‘chki markazining bildirishicha, bu juda tik va mashaqqatli yo‘nalish hisoblanadi.
Undan o‘tish uchun maxsus poyabzal tishlari (krampon), tog‘ boltasi, dubulg‘a va qorda harakatlanish bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalar talab etiladi. Bu yo‘nalish alpinistlardan 2100 metrdan ortiq tik balandlikni bosib o‘tishni talab qiladi. Avvalroq Braziliyada 21 yoshli ayol xavfsizlik arqoni bog‘lanmagan holda ko‘prikdan sakrashi oqibatida halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.








